Daraxt kesishga moratoriy saqlanib qoladi – Ekologiya vazirligi

Ekologiya vazirligi daraxt kesishga moratoriyni bekor qilish bo‘yicha bildirilgan taklifga javoban rasmiy bayonot berdi. Tadbirkor Murad Nazarov tomonidan ilgari surilgan «kompensatsion ekish» va «daraxtlar banki» tizimi moratoriyga muqobil bo‘la olmaydi, deyiladi bayonotda.
Vazirlik O‘zbekiston iqlimi o‘ta nozik ekotizimga ega ekanini, hududning katta qismi cho‘l va yarim cho‘ldan iborat bo‘lib, yashil hududlar ekologik muvozanatni saqlashda muhim rol o‘ynashini ta’kidladi. Shuningdek, voyaga yetgan daraxtlarni oddiy ko‘chat bilan almashtirib bo‘lmasligi, daraxtlar banki esa korrupsion holatlarga yo‘l ochishi mumkinligi qayd etildi.
Xalqaro tajriba ham daraxtlarni kesishga qat’iy chora-tadbirlar zarurligini ko‘rsatmoqda. Vazirlik nazarida aynan shu sabab moratoriyni saqlash va kuchaytirish O‘zbekistonda ekologik barqarorlik uchun zaruriy choradir.
Shuningdek, qurilishlar davomida yashil hududlarni yo‘q qilganlik uchun javobgarlik kuchaytirilgani, prezident farmonlari bilan ko‘kalamzorlashtirish majburiyati joriy etilgani eslatib o‘tildi.
Vazirlik o‘z pozitsiyasini qat’iy saqlagan holda, konstruktiv muloqotga ochiqligini bildirdi, biroq davlatning ekologik siyosatini qayta ko‘rib chiqishga tayyor emasligini ma’lum qildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonning to‘qqizta noyob daraxti xalqaro ro‘yxatga kiritilgan edi.