Toshkentdagi omborxonadan kimyoviy modda sizib chiqdi

Bugun, 21-iyul kuni tongda Toshkent shahrining Olmazor tumanida joylashgan omborxonalardan biridan havoga o‘tkir oltingugurt hidi tarqalgan. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi (FVV)ga xabar qilingan.
So‘ng vazirlikning Radiatsion, kimyoviy va tibbiy-biologik himoya bo‘limlari zudlik bilan voqea joyiga yetib borgan. Aniqlanishicha, omborxonada saqlanayotgan sig‘imlardan biri orqali perekis vodorod moddasi ochiq havoga sizib chiqqan.
Tegishli xizmatlar tomonidan favqulodda vaziyat soat 04:00 ga kelib to‘liq bartaraf etilgan. FVV holat to‘liq nazoratga olinganini ma’lum qildi. Hozirda mutasaddilar tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Navoiyda havo ifloslanishi bo‘yicha tekshiruv boshlangani haqida yozgandi.
19-iyul kuni ertalab «Navoiyazot» AJ atrofida o‘tkazilgan tahlillarda havoda ammiak miqdori 1,4 barobar, vodorod sulfidi esa 16,8 barobar me’yordan yuqori ekani aniqlandi.
Shuningdek, Gidrometeorologiya boshqarmasi tomonidan shahar ichidagi kuzatuv postlarida ham ammiak va uglerod ikki oksidi miqdori belgilangan me’yordan oshgani kuzatildi.
Hozirda «Navoiyazot» hududida aniqlangan kamchiliklarni o‘rganish uchun biznes-ombudsman bilan hamkorlikda hujjatlar tayyorlanmoqda. O‘rganish yakunlari bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot berilishi rejalashtirilgan.