Apple reklamasida mushukni «yo‘q qilish» orqali yangi funksiyasini namoyish etdi

Apple kompaniyasi iPhone 16 Pro smartfonining yangi funksiyalarini targ‘ib qiluvchi reklama roligini taqdim etdi. Bu haqda PetsMailRu nashri xabar berdi.
Videoda Garrett laqabli mushuk asosiy e’tibor markaziga aylandi. Rolikda erkak «Clean Up» funksiyasi yordamida suratdan mushukni olib, ya’ni qirqib tashlaydi. Biroq mushuk egasining kinoyali tarzda «Men har doim Garrettni yomon ko‘rganingni bilar edim» degani voqeaga hazil aralash dramatizm baxsh etadi.
Mushukning norozi nigohi esa tomoshabinni kuldirib, erkakni uni rasmga qaytarishga majbur qiladi. Apple’ning TBWA Media Arts Lab agentligi bilan hamkorlikda suratga olingan rolik ijtimoiy tarmoqlarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Ushbu reklama orqali kompaniya foydalanuvchilarga yangi «Clean Up» funksiyasi orqali suratdagi ortiqcha hisoblangan obyektlarni osonlikcha olib tashlash mumkinligini ko‘rsatmoqchi bo‘lgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan iPhone 17 seriyasi qachon taqdim etilishi haqida yozgandi.
Apple kompaniyasi an’anaviy tarzda har yili sentabr oyida yangi iPhone modellari taqdimotini o‘tkazadi. Bloomberg jurnalisti Mark Gurmanning ma’lumotiga ko‘ra, iPhone 17 seriyasi 2025-yil 8-sentabr kuni namoyish etilishi kutilmoqda.
Taqdimotning aniq sanasi hozircha e’lon qilinmagan. Biroq ehtimoliy sanalar sifatida 8, 9 yoki 10-sentabr ko‘rsatilmoqda.
Yangi avlod iPhone’lar quyidagi modellardan iborat bo‘ladi:
- iPhone 17;
- iPhone 17 Air (avvalgi Plus o‘rniga);
- iPhone 17 Pro;
- iPhone 17 Pro Max.
Air modeli Plus o‘rnini egallaydi, chunki u avvalgi seriyada eng kam sotilgan telefon bo‘lgan. Apple bu yangi nom bilan ko‘proq xaridor jalb etishga umid qilmoqda.