Rossiya va Ukraina 23-iyul kuni muzokaralar o‘tkazadi

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyning ma’lum qilishicha, Rossiya bilan muzokaralarning navbatdagi bosqichi shu hafta Turkiyada bo‘lib o‘tadi.
«Bugun men Rustem Umerov bilan asirlarni almashish va Rossiya tomoni bilan Turkiyada o‘tkaziladigan navbatdagi uchrashuvga tayyorgarlikni muhokama qildim. Umerov uchrashuv chorshanba kuniga rejalashtirilganini ma’lum qildi», – deydi Zelenskiy.
Muzokaralarning aniq sanasi hali belgilanmagan. TASS agentligi Rossiya manbasiga tayanib, muzokaralar 24-iyul kuni o‘tkazilishini xabar berdi.
Biroq delegatsiyalar Istanbulga 23-iyul kuni kelishi ham mumkinligi inkor etilmadi. Keyinchalik TASS Turkiyadagi manbaga tayanib, muzokaralarning aniq sanasi 23-iyul ekanini yozdi.
Avvalroq Rossiya – Ukraina urushida halok bo‘lgan chet elliklar soni bo‘yicha O‘zbekiston uchlikka kirgani haqida yozgandik.
Tahlillarga koʻra, halok boʻlgan oʻzbekistonliklarning yarmidan koʻpi – 46 nafari Rossiyadagi jazoni oʻtash muassasalarida boʻlgan. Ularning aksariyati «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasi bilan tuzilgan shartnoma asosida frontga yuborilgan. Xuddi shunday holatlar Tojikiston fuqarolari orasida ham kuzatilgan – 43 nafar kishi jangga jalb etilishidan avval qamoqda boʻlgan.
Huquq himoyachilarining ta’kidlashicha, urush Markaziy osiyolik mehnat muhojirlariga bosim oʻtkazish vositasiga aylanib qolgan. Ularga Rossiyada qolish, deportatsiya qilinmaslik, muddatidan avval ozodlikka chiqish yoki tezlashtirilgan fuqarolik evaziga urushda ishtirok etish taklif qilinmoqda.