Zomin texnoparkida ilk korxona ishga tushdi

Zominda qiymati $10 mlnlik beton mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi korxona ish boshladi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar bermoqda. Bu korxona 60 kishini ish bilan ta’minlagan.
Shavkat Mirziyoyev 22-iyul kuni Jizzax viloyatiga tashrif buyurib, Zomin tumanida barpo etilayotgan texnopark qurilishini ko‘zdan kechirdi. 400 gektar maydonda tashkil etilayotgan sanoat hududida xitoylik investorlar bilan hamkorlikda $1,2 mlrdlik 31 loyiha amalga oshiriladi.
Yaqin kunlarda qiymati $42 millionlik yana bir loyiha ishga tushiriladi. Bu loyihada «Midea» brendi ostida yiliga 300 ming dona maishiy texnika ishlab chiqariladi. 150 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.
Texnoparkning birinchi bosqichida 9 ta loyiha joylashtirilgan bo‘lib, bugungi kunda yana $300 millionrlik 7 ta loyihaning qurilishi davom etmoqda. Ular orasida qurilish materiallari, elektr jihozlari, kimyo mahsulotlari, logistika va trening markazlari mavjud.
Majmua to‘liq ishga tushgach, yillik 5 trillion so‘mlik mahsulot ishlab chiqariladi. 15 turdagi yangi mahsulot ishlab chiqiladi va $70 millionlik eksport salohiyati yaratiladi. Eng asosiysi, 5 mingdan ortiq aholi doimiy ish o‘rniga ega bo‘ladi.
Prezident loyihalarni jadallashtirish, investorlarni qo‘llab-quvvatlash va yosh mutaxassislarni tayyorlash zarurligini ta’kidladi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan to‘rtta viloyatda yangi gidroelektr stansiyalar ishga tushirilishi haqida yozgan edi.