Air China Urumchi — Toshkent yo‘nalishida birinchi parvozni amalga oshirdi

Xitoyning Air China aviakompaniyasi Urumchi – Toshkent – Urumchi yo‘nalishida birinchi reysni amalga oshirdi. Bu haqda Uzbekistan Airports xabar berdi.
Bugun, 22-iyul kuni 12:50 da poytaxt aeroportiga yetib kelgan Boeing-737 samolyoti birinchi reys bo‘ldi.
«Bu yo‘nalish ikki mamlakat o‘rtasidagi aviatsiya hamkorligining navbatdagi bosqichi bo‘lib, savdo va turizm aloqalariga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Yo‘lovchilar uchun xavfsiz, qulay va zamonaviy parvozlarni ta’minlash biz uchun ustuvor vazifa», — dedi Air China vakili.

Uzbekistan Airports Handling kompaniyasi rahbariyati ham yangi yo‘nalishni iliq kutib olib, uni ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy, madaniy va gumanitar aloqalarni mustahkamlovchi ko‘prik deb baholadi.
«Urumchi – Toshkent reysi o‘zining strategik ahamiyati bilan yo‘nalishlar tarmog‘ida munosib o‘rin egallaydi», — deya ta’kidladi kompaniya direktori Timur Xalilov.
Mazkur yo‘nalishdagi parvozlar haftasiga uch marta — seshanba, juma va yakshanba kunlari amalga oshiriladi.
Ma’lumot uchun, Air China 1988-yilda tashkil topgan, Pekinda joylashgan va Star Alliance a’zosi bo‘lgan Xitoyning eng yirik aviatashuvchilaridan biri hisoblanadi.
Avvalroq «Kursiv» China Eastern Airlines O‘zbekistonga ilk parvozini amalga oshirgani haqida yozgandi.