Zominda 150 million dollarlik yangi maishiy texnika zavodi ishga tushadi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Zominda barpo etilayotgan yirik maishiy texnika zavodi qurilishi bilan tanishdi.
Mazkur zavod «Navoiy» erkin iqtisodiy zonasining filiali sifatida tashkil etilgan bo‘lib, 80 gektar hududni egallaydi. Loyihaning umumiy qiymati $150 millionni tashkil qiladi. Korxonada yiliga 1 million dona kir yuvish mashinasi, sovitkich, televizor, elektr suv isitkich va shu kabi maishiy texnika hamda ularning butlovchi qismlari ishlab chiqariladi. Mahalliylashtirish darajasi 70 foizga yetishi rejalashtirilgan.

Korxonaning yillik ishlab chiqarish hajmi $320 millionni tashkil etadi, shundan $140 millionlik mahsulot eksportga yo‘naltiriladi. Zavod ishga tushgach, 7 mingdan ortiq mahalliy aholi ish o‘rinlari bilan ta’minlanadi.
Zavodda ishlab chiqarilgan mahsulotlar Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston kabi 15 dan ortiq davlatlarga eksport qilinadi.
Hozirgi talabchan bozor sharoitida mahsulotlarni tez tayyorlash uchun korxona hududida qolipxona ham tashkil etiladi. Shu bilan birga, zamonaviy logistika markazi mahsulotlarni xaridorlarga o‘z vaqtida yetkazib berishni ta’minlaydi.
Shuningdek, ushbu sanoat hududida «Avtosanoat» AJ tarkibidagi korxonalar uchun plastmassa mahsulotlari ishlab chiqarish ham rejalashtirilmoqda.
Bundan oldin Zomin texnoparkida $250 millionlik loyihalar taqdimoti o‘tkazilgani haqida yozgandik.
Unga ko‘ra, 400 gektar maydonda barpo etilayotgan ushbu yirik sanoat majmuasining birinchi bosqichida 9 ta loyiha bo‘yicha ishlar boshlangan. Ikkinchi bosqich doirasida yana 5 ta yangi loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan.