22-iyul kuni e’lon qilingan muhim yangiliklar dayjesti

eʼlon qilindi
Pepsi yangi tarkibdagi Cola’ni sotuvga chiqaradi

Olimlar saratonning barcha turlariga qarshi «universal» vaksinani ishlab chiqmoqda

Foto: depositphotos.com

Florida universiteti olimlari butunlay yangi yondashuv asosida yaratilgan mRNA asosidagi universal rak vaksinasini sinovdan o‘tkazdi. U har qanday o‘simtaga qarshi immunitetni faollashtirib, an’anaviy muolajalarga ehtiyojni kamaytirishi mumkin.

Loyihani boshqarayotgan onkolog Elias Sayour bu kashfiyotni kutilmagan va juda hayajonli natija deya ta’rifladi. Unga ko‘ra, vaksina hech qanday aniq o‘simta turiga qaratilmagan bo‘lsa-da, organizmda aynan rak hujayralariga nisbatan kuchli immun javob hosil qiladi.

Ushbu «universal» vaksina COVID-19 vaksinalariga o‘xshash texnologiyaga asoslangan bo‘lib, lipid nanozarrachalar yordamida tanaga yuboriladi. Farqli jihati shundaki, u virusga emas, balki rak hujayralarini fosh qiluvchi PD-L1 nomli protein ishlab chiqarishga undaydi. Bu esa o‘simtalarni immun hujayralari uchun «ko‘rinadigan» holga keltiradi.

Tadqiqot davomida olimlar sichqonlarda melanoma, miya, teri va suyak o‘simtalariga qarshi sinovlar o‘tkazdi. Natijalar shuni ko‘rsatdiki, yangi vaksinatsiya hatto davo berilmaydigan turdagi o‘simtalarni ham yo‘q qilishga qodir bo‘ldi.

Pepsi yangi tarkibdagi Cola’ni sotuvga chiqaradi

Foto: PepsiCo

PepsiCo kompaniyasi o‘zining yangi mahsuloti Pepsi Prebiotic Cola ichimligini rasman taqdim etdi. Bu so‘nggi 20 yil ichida an’anaviy kola segmentidagi eng muhim yangilik sifatida baholanmoqda. Bu haqda kompaniya rasmiy sahifasida ma’lum qildi.

Yangi ichimlik klassik Pepsi ta’miga ega bo‘lib, sog‘lom turmush tarzini tanlagan iste’molchilar uchun mo‘ljallangan. Unda atigi 5 gramm shakar, 30 kaloriya va sun’iy shirin qiladigan vositalar yo‘q. Asosiysi tarkibida 3 gramm prebiotik tola bo‘lib, bu ichak faoliyatini qo‘llab-quvvatlovchi foydali komponent hisoblanadi.

Qozog‘iston – O‘zbekiston chegarasida 450 metrli yashirin tunnel aniqlandi

Qozog‘iston–O‘zbekiston chegarasida 450 metrli yashirin tunnel aniqlandi
Qozog‘iston–O‘zbekiston chegarasida 450 metrli yashirin tunnel aniqlandi / Foto: Videodan olindi

Qozog‘iston va O‘zbekiston chegarasida joylashgan 450 metrli yerosti tunnel orqali yonilg‘i-moylash mahsulotlari kontrabanda yo‘li bilan o‘tkazilayotgani aniqlanib, xavfsizlik xodimlari tomonidan fosh etildi. Bu haqda Tengri News nashri ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, maxsus operatsiya davomida tunnel butunlay yopildi. Jinoyat sxemasi ikki oy davomida faol bo‘lgan bo‘lib, xorijdan moliyalashtirilgan, barqaror logistika va tashuv yo‘li yo‘lga qo‘yilgan. Operatsiyada Qozog‘iston va O‘zbekiston huquqni muhofaza etuvchi idoralari hamkorlik qilgan.

Natijada besh nafar Qozog‘iston fuqarosi qo‘lga olindi, jinoyat ishi sudga oshirildi. O‘zbekiston hududida ham barcha ishtirokchilar aniqlanib, chora ko‘rildi. Mazkur ish «kulrang eksport»ga qarshi kurashda muhim qadam sifatida baholanmoqda.

Toshkentda elektrdan foydalanish bo‘yicha kunlik rekord qayd etildi

Foto: mrsiraphol / depositphotos.com

O‘zbekistonda shu yilning 16 – 21-iyul kunlari kuzatilgan anomal issiq ob-havo davrida elektr energiyasi bo‘yicha yangi tarixiy rekordlar qayd etildi. Bu haqda Energetika vazirligi xabar berdi.

Milliy dispetcherlik markazi ma’lumotlariga ko‘ra, ilk bor yozgi elektr energiyasi iste’moli qishki maksimal ko‘rsatkichdan yuqori bo‘ldi.

Jumladan, 18-iyul kuni mamlakat bo‘yicha umumiy kunlik iste’mol hajmi 272,6 million kVt-soatni tashkil etib, ilgari qayd etilgan qishki maksimum (271,8 mln kVt-soat) va 2024-yilgi yozgi rekorddan (253,3 mln kVt-soat) oshdi.

Zominda 150 million dollarlik yangi maishiy texnika zavodi ishga tushadi

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev Zominda barpo etilayotgan yirik maishiy texnika zavodi qurilishi bilan tanishdi.

Mazkur zavod «Navoiy» erkin iqtisodiy zonasining filiali sifatida tashkil etilgan bo‘lib, 80 gektar hududni egallaydi. Loyihaning umumiy qiymati $150 millionni tashkil qiladi. Korxonada yiliga 1 million dona kir yuvish mashinasi, sovitkich, televizor, elektr suv isitkich va shu kabi maishiy texnika hamda ularning butlovchi qismlari ishlab chiqariladi. Mahalliylashtirish darajasi 70 foizga yetishi rejalashtirilgan.

VietJet Qazaqstan Turkistondan Samarqandga qatnovlarni 25-oktabrgacha uzaytirdi

qazaq air
VietJet Qazaqstan Turkiston – Samarqand qatnovini 25-oktabrgacha uzaytirdi. Foto: Qazaq Air

VietJet Qazaqstan (sobiq Qazaq Air) aviakompaniyasi Turkiston – Samarqand – Turkiston yo‘nalishi bo‘yicha parvozlar dasturini 2025-yil 25-oktabrgacha davom ettirishini ma’lum qildi.

1-sentabrdan boshlab qatnovlar yangilangan jadval asosida amalga oshiriladi. Bu yo‘lovchilarga safarlarini yanada qulay va oson rejalashtirish imkonini beradi. Jumladan, juma va yakshanba kunlari quyidagi qatnovlar amalga oshiriladi:

  • IQ 509 reysi: Turkiston – Samarqand, jo‘nab ketish 12:45, yetib borish 14:15;
  • IQ 510 reysi: Samarqand – Turkiston, jo‘nab ketish 15:05, yetib borish 16:30.

Bir tomonlama chipta narxi 14 000 tengedan (332,1 ming so‘m) boshlanadi.

«Moskvich 8» sotuvi boshlandi — narxi 38 ming dollar

Moskvich 8
Foto: «Moskvich» matbuot xizmati

Rossiyada yangi «Moskvich 8» krossoverining rasmiy sotuvi boshlandi. Flagman model narxi 2,98 million rubldan (taxminan $38 ming) boshlanadi. Bu haqda «Rossiyskaya gazeta» nashri xabar berdi.

Foto: «Moskvich» matbuot xizmati

Mashina yetti o‘rindiqli bo‘lib, barcha versiyalarda old g‘ildirakdan tortuvchi uzatma, 174 ot kuchiga ega 1,5 litrli turbomotor va 7 pog‘onali robot uzatmalar qutisi bilan jihozlangan.

Krossover o‘lchamlari — 4825 mm uzunlik, 1870 mm kenglik va 1758 mm balandlikdan iborat. G‘ildirak bazasi esa 2830 mm.

Eng yirik chip ishlab chiqaruvchi kompaniyaning kapitalizatsiyasi 1 trillion dollardan oshdi

TSMC
TSMC kapitalizatsiyasi 1 trillion dollardan oshdi / Foto: Tom’s Hardware

Dunyoning eng yirik chip ishlab chiqaruvchisi TSMC ilk bor $1 trillionlik kapitalizatsiyaga erishdi. Bu haqda Forbes xabar bermoqda.

Kompaniyaning aksiyalari 1150 tayvan dollari (taxminan $39,1) qiymatga chiqdi. Kapitalizatsiya esa 29,82 trillion tayvan dollarini, ya’ni $1,013 trillionni tashkil etdi. AQShdagi depozitariy kvitansiyalari ham o‘sishda davom etmoqda.

TSMC Apple va Nvidia kabi texnologik gigantlar uchun asosiy chip yetkazib beruvchi hisoblanadi. Investorlar kompaniya sun’iy intellekt sohasidagi talab fonida yanada kuchayishini kutmoqda.

Bloomberg yozishicha, TSMC’ning aksiyalari aprel oyidan buyon 50 foizga yaqin o‘sgan. Bu uni Osiyodagi ilk kompaniya sifatida $1 trillionlik kapitalizatsiyaga olib chiqdi.

Telegram’da Pavel Durovga xabar yozish imkoniyati yaratildi — faqat firibgarlar haqida

Фото: KLYONA/Depositphotos

Telegram asoschisi Pavel Durov platformada shantaj va raqamli firibgarlik holatlari ortib borayotganini tan oldi hamda foydalanuvchilarni bunday holatlar haqida xabar berishga chaqirdi.

Uning yozishicha, noyob raqamli sovg‘alar, virtual raqamlar va shaxsiy havolalar narxi so‘nggi paytlarda keskin ko‘paygan. Ayrim hollarda ularning qiymati $100 mingdan oshgan.

Biroq, bu raqamli aktivlarga bo‘lgan talab firibgarlar uchun ham yangi maydonga aylangan. Ayrim jinoyatchilar foydalanuvchilardan noyob sovg‘alarni majburan tortib olishga, boshqalar esa shaxsiy ma’lumotlarni oshkor qilish bilan tahdid qilib pul undirishga harakat qilmoqda. Durov bunday holatlarni noqonuniy va axloqsizlik deb atadi.

U jabrlanganlarga ikki yo‘lni taklif qildi: istaganlar to‘lov evaziga bevosita uning kanaliga yozishi mumkin (bir xabar narxi 5 ming yulduz — taxminan 1,16 mln so‘m) yoki bepul muqobil sifatida @notoscam manziliga #blackmail heshtegi bilan murojaat qilish mumkin.

Huawei Mate X7 haqida ma’lumotlar e’lon qilindi

Huawei Mate X7
Huawei Mate X7 haqida ma’lumotlar e’lon qilindi / Foto: ITHome

IT Home nashri xitoylik bloger tomonidan tarqatilgan ma’lumotlarga tayanib, Huawei’ning yangi bukiluvchi smartfoni haqida ilk tafsilotlarni e’lon qildi. Taqdim qilinadigan qurilma Huawei Mate X7 bo‘lishi kutilmoqda.

Ekran va dizayn

Yangi qurilma widescreen (keng ekranli) nisbati biroz nozik sozlangan ekran formatiga ega bo‘ladi. Shuningdek, korpus ingichka va yengil dizaynda bo‘lishi aytilmoqda. Ichki ekran 7.95 dyuymli, 2K COE LTPO+UTG texnologiyasiga asoslangan bo‘lishi kutilmoqda.

Batareya va ishlash

Huawei yangi modelda 5500 mA/soat atrofida sig‘imga ega batareyani sinovdan o‘tkazmoqda. Bu o‘tgan yili chiqarilgan Mate X6 modelidagi 5110 mA/soat batareyaga nisbatan sezilarli yaxshilanish hisoblanadi.

Eslatib o’tamiz, avvalroq 21-iyul kuni e’lon qilingan muhim yangiliklar dayjesti e’lon qilingan edi.

Shuningdek