Rivojlanishning turli darajalari: O‘zbekiston banklarida komplayens, risk-menejment va audit qanday tashkil qilingan

«Orient Finans» XATB Kuzatuv kengashi maslahatchisi
Foto: depositphotos.com

O‘zbekiston banklaridagi komplayens tizimlari rivojlanish darajasiga aniq baho berish oson emas, chunki buning uchun keng qamrovli tahlil zarur. Biroq ayrim banklar o‘rtacha darajada ekani, boshqalari esa yuqori darajaga yaqinlashgani seziladi.

O‘zbekistonda xususiy va davlat banklari, shuningdek, kapitalida chet el investitsiyalari mavjud bo‘lgan banklar faoliyat yuritmoqda. Bankning yo‘nalishi, operatsiyalar ko‘lami, funksiyalarning o‘zgarish darajasi, ayniqsa, komplayens vazifasiga qarab uning yetuklik darajasini baholash mumkin. Bunda asosiy jihatlardan biri shuki, komplayens funksiyasining asosiy vazifasi — bankning maqsadlariga erishishida, mavjud xatarlar va qonunchilik talablarini inobatga olgan holda samarali ko‘mak berishdir.

Kengash faoliyati: muntazamlik, hisobotlar va oldini oluvchi chora-tadbirlar

Kuzatuv kengashi faoliyatiga kelsak, biz zamon bilan hamnafas bo‘lishga harakat qilamiz va bu yo‘nalishga alohida e’tibor qaratamiz.

Biz o‘zimizda jarayonni shunday tashkil qilganmizki, komplayens-nazorat departamenti tizimli ravishda, har chorakda kamida uch yo‘nalish bo‘yicha keng qamrovli hisobotlarni taqdim etadi: jinoyat yo‘li bilan olingan daromadlarni legallashtirishga qarshi kurash, korrupsiyaga qarshi chora-tadbirlar va sanksiyalarga qarshi faoliyat. Taqdim etilgan hisobotlar yuzma-yuz tinglanib, savollar beriladi, konstruktiv munozara olib boriladi, funksiyani takomillashtirish masalalari (jumladan, avtomatlashtirish, xodimlar bilan ishlash va boshqalar) muhokama qilinadi.

Shuningdek, choraklik hisobotlarni kutmasdan biron-bir muhim masalani muhokama qilish zarurati tug‘ilsa, tezkor muloqot shakli ham ko‘zda tutilgan. Bankda kompleks ish olib borish, jumladan, komplayens-risklar bilan ishlash uchun Xavflarni boshqarish siyosati, Xavfga moyillik to‘g‘risidagi bayonot va boshqa muhim hujjatlar qabul qilingan va tasdiqlangan.

Biz komplayens shunchaki rasmiyatchilik emasligiga ishonchimiz komil. Bu korporativ madaniyatning ajralmas qismidir. Bunday yondashuv yanada samaraliroq, uzoq muddatli istiqbolda barqaror bo‘lib, mijozlar, investorlar va hamkorlarga ushbu funksiya faqatgina «hisobot uchun» emas, balki bankning xavf-xatarlarini kompleks boshqarishdagi muhim bo‘g‘in ekanligini ko‘rsatadi.

O‘zbekiston risk-menejmentning ilg‘or standartlariga tomon harakat qilmoqda

Umuman olganda, risk boshqaruvi masalasiga kelsak, biz bu yo‘nalishga jiddiy e’tibor qaratmoqdamiz. Markaziy bank banklarning xavf-xatarlarni boshqarish tizimini g‘oyat sinchkovlik va yuqori mahorat bilan tahlil etib, zarur hollarda uni takomillashtirish bo‘yicha o‘z tavsiyalarini beradi.

Amaliy va nazariy tajribamga tayangan holda shuni aytishim mumkinki, O‘zbekiston banklarida risk-menejment tizimi Buyuk Britaniya, Rossiya va Qozog‘iston banklaridagi kabi umumqabul qilingan xalqaro standartlar (COSO, FERMA, ISO 31000 va boshqalar) asosida rivojlanmoqda. 2030-yilgacha bo‘lgan OFB strategiyasida risk-menejment tizimini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilgan, chunki biznes, xavflar va bankning umumiy faoliyati o‘zaro chambarchas bog‘liqdir.

Bank rivojlanish strategiyasi doirasida biz ERM — ya’ni korporativ xavflarni boshqarish (Enterprise Risk Management) tamoyillarini joriy etmoqdamiz. Bu yondashuv xavflarni faqat alohida yo‘nalishlar kesimida emas, balki kompleks tarzda boshqarishni nazarda tutadi. Ya’ni, masalan bu faqat «komplayens xavfi» deb alohida ajratilmaydi va unga faqat Komplayens nazorati departamenti javobgar bo‘lmaydi. Aksincha, turli darajadagi tuzilmalar, funksiyalar, jamoaviy organlar va boshqaruv bo‘g‘inlari o‘rtasida maksimal hamkorlikka urg‘u beriladi.

Audit — jazolovchi emas, balki hamkor

Endi ichki audit haqida gaplashamiz. Biz bu tizimni jazolovchi organ sifatida emas, balki eng avvalo, maslahatchi, tavsiya beruvchi va kafolatlovchi funksiyaga ega tuzilma sifatida ko‘ramiz. Bunda, albatta xalqaro standartlarda belgilangan mustaqillik, xolislik va dadillik prinsiplari saqlanadi. Departamentning barcha ichki hujjatlari va ish yuritish tamoyillari O‘zbekiston Markaziy bankining 3302-sonli Nizomi asosida shakllantirilgan. Shuningdek, biz Xalqaro ichki audit standartlari (XIAS) va eng yaxshi amaliyotlarga tayanamiz.

Audit strategiyaga ta’sir qilishi mumkinmi

Ichki audit xulosalari potensial jihatdan bank strategiyasini qayta ko‘rib chiqishga asos bo‘lishi mumkin. Bizda «jarayonli audit» amaliyoti joriy etilgan. Bu auditorlar jarayonni boshidan oxirigacha o‘rganib, tahlil qilib, o‘z bahosini taqdim etadigan yondashuvdir. Agar audit natijasida ushbu jarayon samarasizligi, kerakli natijani bermasligi, takomillashtirishga muhtojligi yoki strategik maqsad va vazifalarga mos emasligi aniqlansa, auditorlar tavsiyalari asosida muhokamalar boshlanadi hamda ular bosqichma-bosqich tartibda amalga oshiriladi.

Muhokama qilinayotgan masala chuqur ishlab chiqilgan bo‘lishi, auditorlar yetarli malakaga ega bo‘lishi va tavsiyalar sifati yuqori bo‘lishi zarur. Aks holda, noto‘g‘ri qarorlar qabul qilinishi xavfi yuzaga keladi.

Mavzu bo'yicha materiallar