Eronda jangarilar sud binosiga bostirib kirdi

Eronning Zahedon shahridagi viloyat sudi binosiga terrorchilar tomonidan uyushtirilgan hujum oqibatida kamida besh kishi halok bo‘ldi, o‘n uch kishi yaralandi. Bu haqda «Tasnim» axborot agentligi xabar bermoqda. Hujum shanba kuni erta tongda Siston va Balujiston viloyat sudiga uyushtirilgan.
Sud binosiga bostirib kirgan qurollangan jangarilar ichkarida o‘q uzishgan. Terrorchi «Jaish al-Zolm» guruhi hujum uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga oldi.
Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, jangarilar atrofdagi fuqarolarga ham o‘q uzgan. Natijada tinch aholi orasida ham yaralanganlar bor, ayrim binolarga zarar yetgan.
Eron Islom Inqilobi Gvardiyasi Quds bazasi xodimlari uch nafar hujumchini yo‘q qilgan. Shundan so‘ng binoda xavfsizlik tiklangan.
Voqea joyida xavfsizlik kuchlari kuchaytirilgan, ba’zi xodim va mehmonlar evakuatsiya qilingan. Rasmiylar hodisani tergov qilishni davom ettirmoqda.
Hukumat fuqarolardan voqea joyiga bormaslik, tasvirga olish yoki tasdiqlanmagan ma’lumotlarni tarqatmaslikni so‘ragan. Rasmiy yangiliklar faqat ishonchli manbalar orqali berilishi aytilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Rossiya raketasi Eron sun’iy yo‘ldoshini fazoga uchirgani haqida yozgan edi.