Markaziy bank va Xitoy moliyaviy boshqarmasi bank nazorati boʻyicha hamkorlikni yoʻlga qoʻydi

Markaziy bank va Xitoy Moliyaviy nazorati va boshqaruvi boʻyicha davlat boshqarmasi oʻrtasida bank nazorati sohasida hamkorlik toʻgʻrisida oʻzaro Anglashuv Memorandumi imzolandi. Bu haqda regulyator matbuot xizmati xabar berdi.
Memorandumga koʻra, tomonlar bank tizimi ustidan samarali nazoratni yoʻlga qoʻyish, jinoiy yoʻl bilan topilgan daromadlarni legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish borasida axborot almashadi. Shuningdek, Xitoy banklarining Oʻzbekiston moliya bozorida faoliyat yuritishi uchun huquqiy va tashkiliy sharoitlar yaratiladi.
Tomonlar, shuningdek, oʻzaro maslahatlashuvlar, tajriba almashuvlari va qoʻshma tadbirlar tashkil etishga kelishib oldi. Bu tashabbuslar moliyaviy barqarorlik va banklar ustidan nazorat mexanizmlarini kuchaytirishga xizmat qiladi.
Maʼlumot uchun, 2024-yil sentabr oyida Oʻzbekiston Markaziy banki Xitoyning Eksport-import banki (Eksimbank) vakolatxonasini akkreditatsiyadan oʻtkazgan edi.
Bank 1994-yilda tashkil etilgan va Pekinda joylashgan. Moliya instituti investitsiya va xorijiy loyihalarni kreditlash boʻyicha xizmatlar koʻrsatadi. Shuningdek, bank kreditlar, depozitlarni qabul qilish bilan shugʻullanadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Markaziy bank yil boshidan beri qoʻshimcha 5 trillion soʻm naqd pul chiqargani haqida xabar bergan edi.