Sotuvdan qoladigan AI-80, Turkiyaga o‘tgan Fayzullayev, ikki baravar oshgan avtosug‘urta — hafta yakuni

Kursiv Uzbekistan o‘tgan hafta davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealarning eng muhimlarini bir joyga to‘pladi.
1-avgustdan O‘zbekistonda nimalar o‘zgaradi

1-avgustdan O‘zbekistonda nimalar o‘zgaradi? «Kursiv» respublikada amalga oshadigan bir qator o‘zgarishlar haqidagi yangiliklarni keltirib o‘tadi.
Yozda ko‘rishingiz kerak bo‘lgan Top – 5 ta film

Yozgi ta’tilni nafaqat sayrda, balki ekran qarshisida ham unutilmas lahzalar bilan boyitish vaqti keldi. Bu safar syujetlar turlicha: ba’zilari mehr va sadoqatni eslatadi, boshqalari esa hayotning achchiq haqiqatlariga yuzlashtiradi. Kulgudan tortib ko‘z yoshgacha — har biri o‘ziga xos.
«Lilo va Stitch»dagi mehr, «Uch savdoyi»ning hazilga boy voqealari, «Haqiqiy og‘riq»ning iztiroblari, «F1» treklaridagi shiddat va «Seni uchratgunimga qadar»dagi nozik hislar — barchasi bir to‘plamda.
Kursiv Uzbekistan tavsiya qilayotgan quyidagi filmlar yozni mazmunli o‘tkazishga yordam beradi.
2025-yilda qanday kelinlik liboslari urfda

2025-yil may oyida Toshkentda bo‘lib o‘tgan Visa Fashion Week Tashkent Pre-Fall 2025 modalar haftaligida ko‘plab o‘zbek dizaynerlari o‘zlarining yangi, yozgi kelinlik to‘plamlarini taqdim etdilar. Ushbu to‘plamlarda to‘y liboslari yengil atlas va organza matolardan tikilgan A-line, ball-gown, grekcha yelkali ko‘rinishda namoyon etildi. Kursiv nashri shu mavsumning asosiy tendensiyalari bilan tanishtiradi.
Chevrolet Cobalt qo‘shni davlatlarda qanday narxda sotilmoqda

Chevrolet Cobalt o‘rta segmentdagi eng ommabop avtomobillardan biri hisoblanadi. O‘zbekistonda yanvar – iyun oylarida 67,5 ming dona sotilgan. Ushbu maqola orqali Chevrolet Cobalt avtomobilining qo‘shni davlatlardagi narxi haqida bilib olasiz.
Sentabrdan AI-80 benzinini ishlab chiqarish to‘xtatiladi – «O‘zbekneftgaz»
O‘zbekistonda shu yilning sentabr oyidan AI-80 markali benzinni ishlab chiqarishni to‘xtatish rejalashtirmoqda. Bu haqda «O‘zbekneftgaz» matbuot xizmati Kursiv Uzbekistan’ga ma’lum qildi.
Abbosbek Fayzullayev Turkiyaning «Bashakshehir» klubiga oʻtdi
Oʻzbekiston milliy terma jamoasi va Moskvaning «SSKA» klubi futbolchisi Abbosbek Fayzullayev faoliyatini Turkiyada davom ettiradi. U Istanbulning «Bashakshehir» klubi bilan shartnoma imzoladi.
Chevrolet Cobalt yetakchilikni saqlab qoldi, Haval ishlab chiqarish hajmini keskin oshirdi
Yanvar – iyun oylarida 73,1 ming dona Chevrolet Cobalt avtomobili ishlab chiqarilgan. Milliy statistika qo‘mitasi tomonidan 2025-yilning yanvar-iyun oylari bo‘yicha avtomobil ishlab chiqarish ko‘rsatkichlari e’lon qilindi.
Toshkentdagi svetoforlar holatini xaritada real ko‘rish imkoniyati yaratildi
Yandex Uzbekistan navigatsiya xizmatiga qo‘shimcha ravishda svetofor chiroqlarini real vaqtda xaritada ko‘rish imkoniyatini qo‘shdi. Bu haqda «Kursiv» nashriga ma’lum qildi.
O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasi 16,1 foizga oshdi
2025-yilning yanvar – iyun oylarida O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasi $37 milliardni tashkil etdi. Davlat statistika qo‘mitasining ma’lumotiga ko‘ra, bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 16,1 foizga oshgan.
Avtomobilni chet elga olib chiqish huquqini ishonchnomaga kiritish taklif qilinmoqda
Avtomobilni chet elga olib chiqish huquqini ishonchnomaga kiritish taklif qilinmoqda. Bunga doir qaror loyihasi jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilindi.
Qozog‘istonning «Halyk Bank»i Click’ning 49 foiz ulushini sotib oldi
Qozog‘istonning «Halyk Bank»i O‘zbekistonning yetakchi to‘lov tizimi Click’ning 49 foiz ulushiga egalik qiladi. Bu bo‘yicha tomonlar strategik kelishuv imzoladi. Bu haqda London fond birjasida ma’lum qilindi.
Hindiston talabalarni O‘zbekistondagi tibbiyot oliygohida o‘qimaslikka chaqirdi
Hindiston Milliy tibbiy komissiyasi (MTK) O‘zbekiston va Markaziy Amerikadagi ayrim tibbiyot universitetlarida tahsil olayotgan yoki o‘qishni rejalashtirayotgan talabalarni jiddiy ogohlantirdi. Bu haqda The New Indian Express nashri xabar berdi.
BAA o‘zbekistonlik sayyohlar uchun avtomobil boshqarish tartibini soddalashtirdi
Birlashgan Arab Amirliklari hukumati 50 dan ortiq davlat fuqarolariga o‘z mamlakatlarida berilgan haydovchilik guvohnomasi bilan BAAda avtomobil boshqarishga ruxsat berdi. Bu haqda Gulf News ma’lum qildi.
O‘zbekistonda birinchi mikromoliya banki ochiladi
Tayyab Finance mikromoliya tashkiloti O‘zbekistonda birinchi mikromoliya bankini ochish uchun Markaziy bankdan dastlabki ruxsatnomani oldi. Litsenziya olish uchun tashkilot yana bir qancha bosqichlardan o‘tishi kerak.
Majburiy avtosug‘urta narxi oshiriladi
2026-yil 1-yanvardan sug‘urta kompaniyalari tomonidan to‘lanadigan summa miqdori 40 million so‘mdan 80 million so‘mga oshiriladi. Bu avtohalokat oqibatida jabrlanganlarga to‘lanadigan mablag‘ni ko‘paytiradi. Shu muddatdan boshlab haydovchilarga qo‘yilgan majburiy sug‘urta polisi narxi Toshkent shahrida yengil avtomobillar uchun 192 ming so‘mdan boshlanadi. Bu hududlarda esa 160 ming so‘m bo‘ladi.
Dollar 109 so‘mdan ko‘proqqa pasaydi
24-iyul kuni dollar kursi 109,05 so‘mga pasayib, 12 653,48 so‘mni qayd etdi.
O‘zbekistonda so‘nggi 5 yilda o‘rtacha oylik ish haqi ikki baravarga oshdi
Shu yilning birinchi yarim yilligi yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston bo‘ylab o‘rtacha oylik nominal ish haqi 5,9 mln so‘mni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich 2024-yilning shu davriga nisbatan 17,2 foizga oshgan. So‘nggi besh yil ichida o‘rtacha oylik ish haqi deyarli ikki baravar oshdi – 2021-yilda 2,9 mln so‘m bo‘lgan bo‘lsa, 2025-yilda 6 mln so‘mga yaqinlashdi.
O‘zbekistonda kambag‘allik darajasi 6,8 foizgacha pasaydi
Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini ta’minlash va kasbiy ta’lim tizimini takomillashtirish masalalariga bag‘ishlangan taqdimot bilan tanishdi. Joriy yil boshidan xorijiy tajribalar asosida yangi yondashuvlar joriy qilinib, banklar mahallalarga biriktirildi. Natijada birinchi yarim yillikda 3 mlndan ziyod fuqarolar daromadli mehnatga jalb qilindi. Kambag‘allik darajasi 6,8 foizgacha kamaydi.
Kunduzgi, kechki va masofaviy ta’lim shakllariga qabul parametri tasdiqlandi
Oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat bosqichiga 2025/2026-o‘quv yili uchun kunduzgi, kechki va masofaviy ta’lim shakllari bo‘yicha qabul parametrlarining ta’lim yo‘nalishlari va o‘qitish tillari kesimidagi taqsimoti e’lon qilindi.
Toshkent bosh rejasi o‘zgartirilmaydi – Qurilish vazirligi
Toshkent shahrining bosh rejasi o‘zgartirilishi ko‘rib chiqilmaydi. Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi tadbirkorlarning bu boradagi takliflarini qabul qilmasligini ma’lum qildi.
Samarqand shahrining yoshi 3000 yil deb qayta baholanadi
Samarqand viloyati hokimligi matbuot kotibi Mirzo Ixtiyorovning Kursiv Uzbekistan nashriga qayd etishicha, shaharning yoshi 3000 yil deb baholandi. Xalq deputatlari viloyat Kengashi navbatdagi sessiyasida tegishli qaror ham qabul qilgan.
Toshkentda piyodalar oʻtish joylariga YPX robotlari qoʻyiladi – video
Rasmiylarning ta’kidlashicha, robotlar harakatlanish imkoniyatiga ega boʻlib, ular svetoforli hamda svetoforsiz, tartibga solinadigan va tartibga solinmaydigan piyodalar oʻtish joylarida ham samarali ishlaydi. Ular kameralar yordamida haydovchilarning piyodalarga yoʻl bermaslik yoki qizil chiroqda oʻtish holatlarini aniqlab, avtomatik tarzda jarimalarni rasmiylashtiradi.
Toshkentdagi 59 ta obyektda qurilish ishlari butunlay toʻxtatildi – hokimlik
Toshkentda hujjatlarsiz boshlangan 59 ta qurilish obyekti toʻliq toʻxtatildi va elektr ta’minotidan uzildi. Hokimlik ma’lumotiga koʻra, ayrim quruvchilar ruxsatnomalarsiz ishlarga kirishgan va ba’zilari noqonuniy uy-joy savdosi bilan shugʻullangan.