Buxoroda soliq inspeksiyasi xodimi pora bilan qo‘lga tushdi

Buxoro shahrida soliq inspeksiyasining bosh inspektori pora olayotgan vaqtda ushlandi. U shahar tadbirkorlaridan birining mol-mulkidan sud qarori asosida qo‘yilgan taqiqni olib tashlash evaziga $400 talab qilgan.
Ushbu tadbirkorga nisbatan avvalroq soliq hisobotini o‘z vaqtida topshirmagani uchun ijro ishi ochilgan edi. Biroq Buxoro shahar jinoyat ishlari bo‘yicha sudi keyinchalik bu jazoni bekor qilgan.
Inspektor pul olayotgan paytda Davlat xavfsizlik xizmati va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida ushlangan.
Hozirda unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Toshkentda 123 marta qidiruvga berilgan Captiva qo‘lga olingani haqida yozgan edi.