Tailand va Kambodja rahbarlari Malayziyada tinchlik muzokaralarini boshladi

Tailand va Kambodja rahbarlari dushanba kuni Malayziyada chegaradagi qurolli to‘qnashuvni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazmoqda. AQSh rasmiylari bu tinchlik jarayonida ishtirok etayotgani ma’lum qilindi. Bu haqda Reuters xabar bermoqda.
Tailand hukumati muzokaralar Malayziya tomonidan ASEAN raisi sifatida tashkil etilganini ma’lum qildi. Kambodja bosh vaziri Hun Manet esa uchrashuv AQSh hamkorligida va Xitoy ishtirokida o‘tayotganini ta’kidladi.
AQSH davlat kotibi Marko Rubio yakshanba kuni kechqurun bayonot berib, AQSh Davlat departamenti xodimlari Malayziyada joylashganini va muzokaralarda yordam berayotganini tasdiqladi.
May oyining oxirida Kambodja askari halok bo‘lganidan keyin vaziyat keskinlashgan. Chegarada harbiy kuchlar ko‘paytirildi, Tailanddagi koalitsion hukumat inqiroz yoqasiga keldi.
O‘tgan payshanbadan beri janglar kuchayib, so‘nggi o‘n yillikdagi eng og‘ir nizoga aylandi. 30 dan ortiq odamlar halok bo‘ldi, shulardan 20 dan ziyodi tinch aholi. 200 mingdan ortiq kishilar xavfsiz hududlarga ko‘chirilgan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Tailand va Kambodja Trampning sulh taklifini qo‘llab-quvvatlagani haqida yozgan edi.