Saneg nafas olish gazlarini utilizatsiya qilish tizimini ishga tushirdi

eʼlon qilindi
Loyihaning texnik qismini GRDC kompaniyasi ishlab chiqdi
Foto: Saneg

Saneg kompaniyasi Qarshi va Muborak hududlaridagi neft saqlash obyektlarida nafas olish gazlarini yig‘ish va utilizatsiya qilish bo‘yicha zamonaviy tizimni joriy etdi. Bu haqda kompaniya Kursiv Uzbekistan’ga ma’lum qildi.

Ushbu loyiha zararli chiqindilarni kamaytirish, sanoat xavfsizligini oshirish va uglevodorodlarni saqlashdagi yo‘qotishlarni minimallashtirishga qaratilgan bo‘lib, kompaniyaning ekologik strategiyasida muhim bosqichga aylandi.

Nafas olish gazlari – neft mahsulotlarining bug‘lari bo‘lib, harorat o‘zgarishi yoki quyish-tushirish jarayonida yuzaga keladi. Agar bu bug‘lar ushlanmasa, yiliga 8 million kub metrdan ortiq yo‘qotishga sabab bo‘ladi. Bu esa atmosferaga 160 ming tonna CO₂- ekvivalentga chiqishiga teng bo‘lib, bu miqdorni bartaraf etish uchun 7 million daraxt ekish kerak bo‘ladi.

Foto: Saneg

Yangi tizim rezervuarlardan bug‘larni germetik tarzda chiqarish, ularni yerosti quvurlari orqali olib o‘tish va zamonaviy mash’ala qurilmasida yoqishni o‘z ichiga oladi. Bu texnologik echim yig‘ilgan gazning 99 foizigacha utilizatsiya qilish imkonini beradi.

Loyihaning texnik qismini GRDC kompaniyasi ishlab chiqdi, moliyalashtirish esa Shveysariyaning VEMA Carbon kompaniyasi tomonidan ta’minlandi. Yangi tizim xalqaro ekologik standartlarga javob beradi va Saneg’ning yillik uglerod izini 160 ming tonna CO₂ ga kamaytiradi.

Foto: Saneg

Saneg bosh direktorining strategik loyihalar bo‘yicha o‘rinbosari Azizbek Nazarovning ta’kidlashicha, bu tashabbus nafaqat ekologik xavfsizlikni, balki iqtisodiy samaradorlikni ham oshiradi. Loyiha kompaniyaning ishlab chiqarish obyektlarini zamonaviylashtirish va dekarbonizatsiya qilishga qaratilgan keng qamrovli dasturining tarkibiy qismiga aylandi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Saneg Toshkentda birinchi yonilg‘i quyish shoxobchasini ochgani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek