Andijonda kanalda neft oqdi — video

Bugun, 29-iyul kuni Buloqboshi tumanidagi kanalda neft oqayotgani tasvirlangan videolar ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi. Fuqarolar suvda neft mahsulotlari oqayotganini bildirgan.
Holat yuzasidan Andijon viloyati ekologiya boshqarmasi va boshqa mas’ul idoralar vakillari voqea joyiga chiqqan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, neft mahsuloti «Sanoat energetika guruhi» MCHJ hududida yuz bergan avariya tufayli sizib chiqqan. Avariya neftni qayta ishlash jarayonida sodir bo‘lgan.
Nazorat organlari voqea zudlik bilan bartaraf etilganini bildirdi. Korxona bo‘yicha hujjatlar rasmiylashtirilib, uning faoliyati to‘liq tekshiruvdan o‘tkaziladi.
Ekologlar atrof-muhitga yetkazilgan zarar va javobgar shaxslar yuzasidan tekshiruv natijalarini keyinroq e’lon qilishlarini ma’lum qildi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan «Yashil belgi» ekologik markirovka tartibi belgilangani haqida yozgan edi.