Paynet kompaniyasining foydasi 47 foizga oshdi

eʼlon qilindi
Sof tushumi esa 50 foizga ko‘paydi
Foto: Paynet

Shu yilning dastlabki olti oyi yakunlariga ko‘ra, Paynet aksiyadorlik jamiyati 201,7 milliard so‘m sof foyda qayd etdi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 65,5 milliard so‘mga yoki 47 foizga ko‘p. Bu haqda kompaniya moliyaviy hisobotlarida ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, Paynet’ning sof tushumi 50 foizga oshib, 756,5 milliard so‘mga yetgan. Shu bilan birga, operatsion xarajatlar ham 173 milliard so‘mga ko‘paygan bo‘lib, umumiy hisobda 521,6 milliard so‘mni tashkil etgan. Ma’muriy xarajatlar esa 11,5 milliard so‘mga ko‘payib, 30,5 milliardga yetgan.

Yil boshidan buyon kompaniya balansidagi aktivlar miqdori ikki baravar oshib, 1,3 trillion so‘mga yetdi. Bu o‘sishda ustav kapitalining 550 milliard so‘mga ko‘paytirilgani muhim omil bo‘lgan. Aytish joizki, ustav kapitalidagi bu o‘sish Paynet’ning Humo to‘lov tizimidagi 100 foizlik davlat ulushini sotib olgani bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.

Shuningdek, kompaniyaning majburiyatlar hajmi yil davomida 51 foizga qisqarib, 200,4 milliard so‘mni tashkil etdi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Humo’ning olti oydagi sof foydasi 73 foizga o‘sgani haqida yozgandi.

Shuningdek