Qirg‘izistonda internet ustidan davlat monopoliyasi joriy etiladi

Qirg‘izistonda xalqaro internet-trafigini uzatish va yo‘naltirish bo‘yicha 100 foizlik vaqtinchalik davlat monopoliyasi joriy etiladi. Bu haqda mamlakat prezidentining farmoni imzolandi.
Yangi tartibga ko‘ra, «ElKat» kompaniyasiga xalqaro internet-trafikni respublika ichkarisida uzatish, mamlakat orqali o‘tadigan tranzit ma’lumotlar oqimini boshqarish bo‘yicha eksklyuziv huquq beriladi. Barcha mahalliy aloqa operatorlari va internet-provayderlar ikki oy ichida xalqaro trafik bo‘yicha amaldagi kelishuvlarini kompaniya bilan yangilashi shart bo‘ladi.
Bundan tashqari, hukumat «ElKat» imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida «Aknet» kompaniyasining 100 foiz aksiyalarini unga o‘tkazadi. Rasmiylar bu chora orqali telekommunikatsiya infratuzilmasini yaxshilash, trafikni tartibga solish va aloqa sifatini oshirishni rejalashtirmoqda.
Farmon ijrosi ustidan nazorat prezident administratsiyasi hamda tegishli davlat organlariga yuklatilgan.
Avvalroq «Kursiv» nashri Oʻzbekiston mobil internet tezligi boʻyicha MDHda kuchli uchlikka kirgani haqida yozgandi.