Rossiyaning benzin eksportiga qo‘ygan taqiqi O‘zbekistonga taalluqli emas – Energetika vazirligi

Rossiya hukumati tomonidan joriy etilgan vaqtincha benzin eksporti cheklovlari O‘zbekistonga yetkazib beriladigan mahsulotlarga ta’sir qilmaydi. Bu haqda Energetika vazirligi ma’lum qildi.
Avvalroq Rossiya hukumati benzin eksportiga qo‘yilgan vaqtincha cheklovlarni 2025-yil 31-avgustgacha uzaytirgandi. Cheklovlar endilikda faqat eksportchilar emas, balki neft mahsulotlari ishlab chiqaruvchilariga ham tatbiq etilmoqda.
Energetika vazirligi ta’kidlashicha, ushbu taqiq xalqaro hukumatlararo bitimlarga taalluqli emas, O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida esa shunday amaldagi bitim mavjud.
Shunga qaramay, iqtisodchi Otabek Bakirovning fikricha, bu holatning O‘zbekistonga ham bilvosita ta’siri bo‘lishi mumkin. Uning so‘zlariga ko‘ra, rasmiy bayonotlarga qaramay, yonilg‘i narxlari o‘sish ehtimoli mavjud. Bu holat 2023 va 2024-yillarda ham kuzatilgan edi.
Natijada bozorga mustaqil, kelishuvga kirmagan kichik importyorlar chiqib ketmoqda, hukumat ro‘yxatlariga kiritilgan yirik yetkazib beruvchilar esa narxlarni oshirish uchun imkoniyatga ega bo‘lmoqda. Bu holat import infratuzilmasini nazorat qilayotgan mahalliy ishlab chiqaruvchilarga ham bosim o‘tkazmoqda. Vaziyat AI-80 markali benzin ishlab chiqarishdan bosqichma-bosqich voz kechilayotgani bilan ham murakkablashmoqda. Bu markaning bozordagi ulushi 80% gacha yetadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya yoz oxirigacha benzin eksportini to‘liq taqiqlagani haqida xabar bergan edik.