Davlat idoralari faoliyatini jinoyatlar oldi olingani bilan baholash kerak – prezident

eʼlon qilindi
Jinoyatchilik holatlarining kamaygani yetarli emasligi ta’kidlandi
Davlat idoralari faoliyatini jinoyatlar oldi olingani bilan baholash kerak — prezident / Foto: President.uz

Shavkat Mirziyoyev maishiy korrupsiyaga qarshi kurashish va uning oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlar taqdimoti bilan tanishdi. Taqdimotda ushbu illatning keng tarqalgan shakli – shahar va tumanlarda sodir bo‘layotgan holatlarning 75 foizi maishiy tusda ekani ta’kidlandi, deya xabar bermoqda davlat rahbari matbuot xizmati.

5-mart kuni Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashining yig‘ilishida ushbu muammo ustuvor masala sifatida belgilangandi. 21-aprel kungi Prezident farmoniga binoan, Bosh prokuratura huzurida maxsus tahlil bo‘limi tashkil etildi. Bugungi kunda 200 dan ortiq mutaxassislar korrupsiyani o‘rganish bilan shug‘ullanmoqda, tizimda esa 100 mingdan ortiq xodimlar ushbu sohada faoliyat yuritmoqda.

Shunga qaramay, taqdimotda korrupsiyaning sabablari yetarlicha tahlil qilinmayotgani va asosiy e’tibor oqibatlarga qaratilayotgani tanqid qilindi. Hokimlik, bank, soliq, kadastr kabi idoralarda byurokratiya va korrupsiyaviy «tuynuklar» saqlanib qolayotgani qayd etildi.

Prezident davlat idoralari faoliyatini faqat jinoyatlar kamaygani bilan emas, balki ularning oldi olingan holatlar soni bilan baholash kerakligini ta’kidladi. Joylarda yer ajratishdagi qonunbuzarliklarga qarshi kadastr va boshqa tashkilotlar ma’lumotlarini chuqur tahlil qilish, raqamli nazoratni kuchaytirish zarurligi bildirildi.

Shuningdek, 43 ta nazorat idorasi va barcha vazirliklarda faoliyat yuritayotgan komplayens bo‘limlarining samaradorligini oshirish, davlat xaridlarida bevosita shartnomalarni kamaytirish va yoshlar orasida korrupsiyaga murosasizlik muhitini kuchaytirish yuzasidan tavsiyalar berildi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Davlat xavfsizlik xizmati bir qator korrupsion holatlarni fosh etgan edi.

Shuningdek