«UzAuto Motors» shartnomalaridagi bir tomonlama bandlar bekor qilindi

Raqobat qo‘mitasi «UzAuto Motors» AJning dilerlik korxonalari taklif qilayotgan shartnomalarini o‘rganib chiqdi. 8 ta band va 45 ta kichik banddan iborat hujjatlarda iste’molchi huquqlarini cheklovchi holatlar aniqlangan.
Qo‘mita aralashuvi natijasida 21 ta kichik band qonunchilik talablariga moslashtirildi. Jumladan, qo‘shimcha shartnoma tuzilganidan keyin pullarni qaytarish muddati 30 kundan 10 kunga qisqartirildi.
Shuningdek, avtomobilni yetkazib berishdagi kechikish bandi «sotuvchining majburiyatlari» bo‘limidan olib tashlanib, «fors-major» bo‘limiga ko‘chirildi. Takroriy shartnoma asosida avtomobil topshirishni 120 kungacha kechiktirishga imkon beruvchi band esa butunlay olib tashlandi.
Endilikda sotuvchining majburiyatlari shartnomada aniq ko‘rsatilgan. Raqobat qo‘mitasi bu kabi o‘zgarishlarni qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qildi.
Avvalroq UzAuto Motors bank orqali avtomobil xaridiga oid shikoyatlarga munosabat bildirgani haqida yozgan edik.