O‘zbekistonda ob-havo xavflarini ranglar bilan ogohlantiradigan tizim ishga tushdi

«O‘zgidromet» agentligi xavfli ob-havo hodisalari bo‘yicha hududlar kesimida ogohlantirib boruvchi «Meteo-Alert» tizimini ishga tushirdi.
Tizim data.meteo.uz saytida mavjud bo‘lib, unda ob-havo xavflari yashil, sariq va qizil ranglarda ko‘rsatiladi.
Xaritadagi belgilar va ranglar quyidagicha izohlanadi:
- Sariq rang: hududda kutilayotgan shamollar yoki boshqa o‘rta xavfli ob-havo hodisalari haqida ma’lumot beradi.
- Qizil rang: yuqori darajadagi yong‘in xavfi mavjudligini anglatadigan favqulodda ogohlantirish hisoblanadi.
- Yashil rang: hududlarda ayni vaqtda hech qanday xavfli ob-havo hodisasi kuzatilmayotganini bildiradi.
Masalan, bugun tizimda respublika bo‘ylab kuchli shamollar bo‘lishi haqida sariq xavf darajasida ogohlantirish berilgan.

Bundan oldin iqlimshunos Erkin Abdulahatov «O‘zgidromet» ham «Kazgidromet» tajribasidan kelib chiqib, o‘rmon yong‘inlari xavfini prognoz qilish va ogohlantirish tizimini ishga tushirishi zarurligini bildirgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, bu kabi amaliyot ilgari Qirg‘iziston va Qozog‘iston meteorologiya xizmatlarida mavjud bo‘lgan. Markaziy Osiyoning Tojikiston va Turkmaniston gidrometeorologiya xizmatlari esa bu tizimni hali joriy etmagan.
Bundan oldin Bo‘stonliq tumani «Xo‘jakent» MFY tog‘li hududidagi 2 gektar maydonda quruq o‘t va shox-shabba yongani haqida yozgandik. Ushbu tog‘li hududdagi yong‘inni o‘chirishga olti soatdan ko‘proq vaqt sarflangan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan 30-iyul kungi havo harorati haqida ma’lumot bergandi.