To‘rtta davlat banklarini xususiylashtirish kechiktirildi

eʼlon qilindi
Banklarni xususiylashtirish ikki bosqichda amalga oshiriladi
Foto: Yandex

O‘zbekiston hukumati to‘rtta yirik davlat banklarini, «O‘zsanoatqurilishbank», «Asakabank», «Aloqabank» va «Turonbank»ni xususiylashtirishni 2025-yildan keyingi muddatlarga qoldirdi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligining 2026 – 2028-yillarga mo‘ljallangan fiskal strategiyasida ma’lumot berildi.

Hujjatga ko‘ra, banklarni xususiylashtirish ikki bosqichda amalga oshiriladi. Dastlab ularning faoliyati institutsional jihatdan transformatsiya qilinadi, so‘ngra esa davlat aksiyalari paketlari bosqichma-bosqich sotiladi. Jumladan, «O‘zsanoatqurilishbank»ni to‘liq xususiylashtirish 2025 – 2026-yillarda, qolgan uch bank: «Asakabank», «Aloqabank» va «Turonbank» bo‘yicha esa bu jarayon 2026 – 2027-yillarga mo‘ljallangan.

Boshqa yirik banklar: «Tashqi iqtisodiy faoliyat Milliy banki», «Agrobank», Xalq banki, «Mikrokreditbank» va «Biznesni rivojlantirish banki» xususiylashtirilmaydi. Ular ustav kapitallaridagi davlat ulushini saqlab qolgan holda, aholining moliyaviy xizmatlarga bo‘lgan talabini qondirish, investitsiya loyihalarini qo‘llab-quvvatlash va bank xizmatlarining hududiy qamrovini kengaytirishga xizmat qilishi kutilmoqda.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan banklardagi avtokreditlarning o‘rtacha foiz stavkasi pasaygani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek