Elchixonalar eksportni oshirishga faolroq hissa qoʻshishga chaqirildi

Shavkat Mirziyoyev elchixonalar va bosh konsulxonalarni eksport hajmini oshirishda faolroq yordam berishga chaqirdi.
Xususan, bu yilgi meva-sabzavot eksportining 80 foizi Rossiya, Pokiston, Qozog‘iston, Afg‘oniston va Xitoyga to‘g‘ri kelmoqda. Biroq Janubiy Koreya, Vengriya, Malayziya, Polsha va Qozog‘istonga eksport hajmi kamaygan.
Bundan tashqari, Buyuk Britaniya, Italiya, Shvetsiya, Yaponiya, Hindiston va Qatarga ham eksport kutilgan darajada bo‘lmayotgani qayd etildi. Elchixonalardagi savdo maslahatchilarining faolligi yetarli emasligi ta’kidlandi.
Elchilarga eksportchi korxonalar bilan hamkorlikda ishlash, yangi bozorlar topish, ko‘rgazmalar tashkil qilish, savdo uylari va omborlar ochish, mahsulotlarga sertifikat olish kabi masalalarda amaliy ko‘mak berish vazifasi topshirildi.
Shuningdek, yig‘ilishda 21 ta tumanda eksport hajmi o‘tgan yilga nisbatan 70 foizga ham yetmagani tanqid qilindi. Vaholanki, mazkur tumanlarda 80 ming gektar paxta va g‘alla ekilmaydigan yerlar va 55 ming gektar tomorqa mavjud.
Shu sababli ushbu tumanlar hokimlariga viloyat rahbarlari bilan birgalikda holatni o‘zgartirish bo‘yicha aniq rejalarni ishlab chiqish topshirildi.
Bundan tashqari, ayrim savdogarlar mahsulotni hali to‘liq yetilmasdan, yuqori narxda sotish maqsadida xom holatda eksport qilayotgani keskin tanqid qilindi. Natijada minglab tonna meva-sabzavot chet davlatlar savdo tarmoqlari tomonidan qabul qilinmay qolmoqda. Bu esa, o‘z navbatida, Made in Uzbekistan brendining xorijiy bozorlardagi obro‘siga putur yetkazishi mumkin.
Avvalroq Shavkat Mirziyoyev har qanday ob-havo sharoitiga mos ekinlar ekish zarurligini ta’kidlagandi.