Gʻarbning 15 davlati Falastinni davlat sifatida tan olish bo‘yicha qo‘shma bayonot berdi

Fransiya tashqi ishlar vaziri Jan-Noel Barro X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida 15 davlat tomonidan Falastinni davlat sifatida tan olish haqidagi qo‘shma bayonotni e’lon qildi.
Bayonotda Isroil va Falastin ikki mustaqil demokratik davlat sifatida tinchlikda, xavfsizlikda va xalqaro miqyosda tan olingan chegaralar doirasida yonma-yon yashashi kerakligi haqidagi qat’iy pozitsiya tasdiqlangan.
Tashqi ishlar vazirlari ushbu bayonotni 2025-yil sentabr oyida BMT Bosh Assambleyasining 80-sessiyasi doirasidagi davlat va hukumat rahbarlari uchrashuvi arafasida e’lon qilgan.
«Biz Andorra, Avstraliya, Kanada, Finlyandiya, Fransiya, Islandiya, Irlandiya, Lyuksemburg, Malta, Yangi Zelandiya, Norvegiya, Portugaliya, San-Marino, Sloveniya va Ispaniya tashqi ishlar vazirlari sifatida, Falastin davlatini tan olganimizni yoki tan olishga tayyor ekanligimizni yoki ushbu masalaga ijobiy yondashayotganimizni ma’lum qilamiz va hali bunday qilmagan davlatlarni ushbu bayonotga qo‘shilishga chaqiramiz», – deyiladi bayonotda.
Diplomatlar, shuningdek, Isroil bilan diplomatik aloqalar o‘rnatmagan davlatlarni ushbu qadamni tashlashga, Isroilni mintaqaviy integratsiyaga jalb etish bo‘yicha muloqotda ishtirok etishga chaqirdi.
Buyuk Britaniya, Fransiya va O‘zbekistonning pozitsiyasi
Bunga qadar Buyuk Britaniya G‘azodagi urush to‘xtatilmasa, Falastinni davlat sifatida tan olishini ma’lum qilgandi.
Fransiya prezidenti Emmanuel Makron esa sentabr oyida BMT Bosh Assambleyasida Falastin davlatini rasmiy tan olishini bildirdi.
O‘zbekiston Yaqin Sharqdagi nizoning yagona yechimi xalqaro me’yoriy hujjatlar va rezolyutsiyalarga muvofiq, 1967-yildagi chegaralar asosida poytaxti Sharqiy Quddus bo‘lgan mustaqil Falastin davlatini tuzish ekanligini bildirgan.
Falastin haqida
BMT tomonidan qabul qilingan rezolyutsiyaga ko‘ra, Falastin hududida yahudiylar va arablar alohida-alohida davlat tuzishi kerak edi. Ammo 1948-yilda faqat Isroil davlati rasmiy ravishda tuzildi. Falastin hududining bir qismi dastlab Misr va Iordaniya nazoratiga o‘tdi, keyinchalik esa Isroil tasarrufiga o‘tdi. Keyinchalik Falastin muxtoriyati tashkil etildi va u Falastin davlatining suverenitetini xalqaro darajada tan oldirishga harakat qilib kelmoqda. Ayni paytda Falastin hududining bir qismini Isroil, boshqa qismini esa HAMAS tashkiloti nazorat qilmoqda.
Bunga qadar Kanada Falastin davlatini tan olishga tayyorlanayotgani haqida yozgandik.