O‘zbek tilida parol, markirovka va dostavka so‘zlari bekor qilinmoqda

O‘zbekistonda xorijiy tillardan kirib kelgan bir qator so‘zlarga o‘zbekcha muqobillar tavsiya etilgan yangi ro‘yxat tasdiqlandi. Bunga doir Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Atamalar komissiyasi bayoni qabul qilindi, deb xabar bermoqda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi.
Ro‘yxatga ishbilarmonlik, ommaviy axborot vositalari va kundalik nutqda faol qo‘llaniladigan «avans», «aysberg», «lider», parol, «navigator» kabi xorijiy so‘zlar, shuningdek, rus tilidan kirib kelgan «otvyortka», dostavka, «pereplyot» kabi so‘zlar ham kiritilgan.
Yangi qoidaga ko‘ra, IT-park ham endi «AT parki» (Axborot texnologiyalari parki) deb yuritilishi lozim.
Mazkur hujjat zamonaviy o‘zbek tilining me’yorlari asosida ishlab chiqilgan bo‘lib, rasmiy leksikani tartibga solish, uni standartlashtirish va kundalik muloqotda ommalashtirishga xizmat qiladi.





Yangi atamalar qonunchilik hujjatlari, rasmiy hujjatlar, o‘quv materiallari va ommaviy axborot vositalarida qo‘llanilishi kutilmoqda.
Bundan oldin Janubiy Koreyada 2025-yilgi aholini ro‘yxatga olish jarayoni o‘zbek tilida ham o‘tkazilishi haqida xabar bergandik.