Endilikda suv omborlari «aqlli» hisoblagichlar orqali onlayn nazorat qilinadi

eʼlon qilindi
Suvdan foydalanish to‘liq raqamlashtiriladi
Endilikda suv omborlari «aqlli» hisoblagichlar orqali onlayn nazorat qilinadi / Foto: Fantasyway

Shavkat Mirziyoyev raisligida qishloq xo‘jaligida kosmik ma’lumotlar va raqamlashtirish bo‘yicha yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati ma’lum qildi.

Unda yerdan unumli foydalanish, suv resurslarini tejash va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash masalalari muhokama etildi.

«O‘zbekkosmos» agentligi yordamida so‘nggi ikki yilda 4 mln gektardan ziyod yerlar kosmik monitoring qilindi. Natijada ayrim maydonlarda paxta ekilmagani yoki yerlar noto‘g‘ri ko‘rsatilgani aniqlandi. Endilikda imtiyozli kreditlar monitoringi masofaviy tizim orqali olib boriladi.

Yig‘ilishda sug‘orish me’yorlarini va gidromodul rayonlashtirish tizimini yangilash, suvdan foydalanishni to‘liq raqamlashtirish vazifalari belgilandi. Suv omborlariga «aqlli» hisoblagichlar o‘rnatilib, ularning holati onlayn nazorat qilinadi.

Bundan tashqari, «Raqamli qishloq xo‘jaligi» yagona platformasi ishga tushirilib, fermerlar uchun barcha xizmat bir tizimda birlashtiriladi. Dronlardan foydalanish, somonpoya yoqishni tartibga solish, kosmik tahlillar asosida resurslarni boshqarish ham rejaga kiritildi.

Yig‘ilishda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash uchun maxsus komissiya tuzish, yetishmayotgan mahsulotlar yetishtiruvchilarini qo‘llab-quvvatlash choralariga urg‘u berildi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda yangi Suv kodeksi qabul qilingan edi.

Shuningdek