Fond bozori o‘zi nima va u pulni qanday ko‘paytiradi

Fond bozori — bu moliyaviy aktivlar, ya’ni aksiyalar, obligatsiyalar va boshqa qimmatli qog‘ozlar bilan savdo qilinadigan joy. Unda kompaniyalar pul yig‘ish uchun aksiyalar chiqaradi, odamlar esa bu aksiyalarni daromad ko‘rish maqsadida sotib oladi. Ushbu maqolada Kursiv Uzbekistan fond bozori qanday ishlashi, qanday foyda ko‘rilishi va pul ko‘payishi, shuningdek, qanday risklar mavjudligi haqida batafsil ma’lumot beradi.
Ushbu maqola orqali quyidagilarni bilib olasiz:
- Fond bozori qanday ishlaydi
- Aksiya sotib olishdan qanday foyda ko‘riladi
- Aksiya qanday sotib olinadi
- Qanday risklar bor
Fond bozori qanday ishlaydi

Bu yerda yuzlab, minglab odamlar, kompaniyalar va institutsional investorlar har kuni qarorlar qabul qiladi, bu esa aksiyalar narxining doimiy o‘zgarishiga sabab bo‘ladi. Aksiyaning bahosi oddiy qilib aytganda, unga bo‘lgan talab va taklifga qarab belgilanadi. Agar biror kompaniyaning aksiyasiga ko‘p odam qiziqsa, ya’ni ko‘proq odam uni sotib olmoqchi bo‘lsa, uning narxi oshadi.
Aksincha, sotuvchilar ko‘p, xaridorlar esa kam bo‘lsa — narx tushadi. Bu talab va taklif esa o‘z navbatida kompaniya faoliyatining natijalariga bog‘liq. Masalan, agar kompaniya yil yakunida yaxshi daromad ko‘rsatgan bo‘lsa yoki yangi bozorlarni egallagani haqida xabar tarqatsa, bu odamlar orasida ishonch uyg‘otadi. Natijada odamlar uning aksiyasini sotib olishga intiladi va narxi ko‘tariladi.
Bundan tashqari, fond bozori kengroq iqtisodiy va siyosiy muhitdan ham mustasno emas. Masalan, Markaziy bank foiz stavkalarini oshirsa, bu investorlar uchun moliyaviy xarajatlar ko‘payishini anglatadi. Natijada, aksiyalarga talab pasayadi va narxlar tushishi mumkin. Yoki, aksincha, hukumat iqtisodni qo‘llab-quvvatlovchi yangi islohotlar boshlasa, bu ijobiy muhit yaratadi va investorlar ishonch bilan sarmoya kiritadi.
Aksiya sotib olishdan qanday foyda ko‘riladi

Odamlar aksiyalar orqali ikki asosiy yo‘l bilan foyda olishadi: dividend va kapital o‘sish orqali.
Har bir kompaniya yil yoki chorak yakunida o‘zining moliyaviy natijalarini e’lon qiladi. Agar kompaniya foyda qilgan bo‘lsa, u bu foydaning bir qismini aksiyadorlarga taqsimlaydi. Bu — dividend deb ataladi. Misol uchun, agar siz bitta kompaniyaning ming dona aksiyasiga egalik qilsangiz va u har aksiyaga 100 so‘mdan dividend to‘lasa, siz 100 ming so‘m passiv daromad olasiz. Bu daromad siz hech qanday faol ish qilmasdan olgan pul bo‘ladi.
Ikkinchi yo‘l esa — kapital o‘sish. Bu holatda siz aksiyani arzonroq narxda sotib olib, keyinchalik qimmatroq narxda sotasiz. Masalan, biror kompaniyaning aksiyasini besh ming so‘mdan sotib oldingiz. Bir necha oy o‘tib, u kompaniya rivojlandi, bozordagi ishonchi oshdi va aksiya narxi yetti ming so‘mga ko‘tarildi. Siz bu aksiyani sotishingiz orqali har bir dona uchun ikki ming so‘m foyda qilasiz.
Ammo risklar ham bor. Chunki dividend to‘lash yoki to‘lamaslik haqidagi qarorni aksiyadorlar yig‘ilishida hal qilinadi. Ular dividendlarni to‘lamaslik va olgan daromadini kompaniya rivojiga yuborishi haqidagi qarorni qabul qilishlari ham mumkin. Bu, albatta kompaniyani kuchliroq qila oladi, ammo investorlar daromad olmaydi. Aksiyalarning narxi ham qulashi mumkin.
Boshlovchilar uchun: Aksiya qanday sotib olinadi
Brokerlik hisobini ochish. Aksiya bozori – to‘g‘ridan to‘g‘ri kirib boriladigan joy emas. Siz biror broker kompaniya orqali qatnashasiz. O‘zbekistonda bu xizmatni bir necha tashkilotlar taklif etadi. Eng faol tashkilotlarning nomlarini fond birja saytida topishingiz mumkin.
Brokerlik hisobini onlayn ham ochish mumkin.
Boshlovchilar qanday aksiya sotib olishi mumkinligi bo‘yicha batafsil yo‘riqnoma bilan ushbu havolada tanishishingiz mumkin.
Qanday risklar bor

1. Bozor risklari. Bozor iqtisodiy inqirozlar, siyosiy beqarorlik, pandemiya yoki urush kabi yirik omillardan ta’sirlanadi. Bu holatlar aksiyalar narxining tushishiga olib kelishi mumkin.
Masalan, 2020-yil pandemiya boshlanganida aksiyalar bozorida katta qulashlar kuzatildi — hatto yirik kompaniyalar ham o‘z qiymatining 30–40 foizini yo‘qotdi.
2. Likvidlik muammosi. Ba’zi aksiyalar kam savdoga ega bo‘ladi. Agar siz bunday aksiyani sotmoqchi bo‘lsangiz, xaridor topish qiyin bo‘lishi mumkin. Bu sarmoyangizni tezda pulga aylantira olmasligingizga olib keladi. Masalan, «Toshkent» respublika fond birjasidagi ayrim kichik kompaniyalar aksiyalariga talab past bo‘lishi mumkin — ularni sotish bir necha kun yoki hafta davom etadi.
3. Kompaniya risklari. Agar siz sarmoya kiritgan kompaniya noto‘g‘ri boshqaruv, moliyaviy yo‘qotishlar yoki mojarolar tufayli inqirozga uchrasa, bu uning aksiyadorlariga bevosita salbiy ta’sir qiladi. Masalan, kompaniyaning yillik hisobotida zarar ko‘rsatilsa, uning aksiyalari tezda arzonlashadi.
Umuman olganda, fond bozori — bu har bir odam uchun daromad olish imkoniyatini yaratadigan ochiq tizim. Boshlovchi investorlar uchun eng muhimi — moliyaviy savodxonlikni oshirish, ishonchli broker tanlash va o‘z sarmoyasini yaxshi o‘rganilgan holda yo‘naltirishdir.