Senator Toshkentdagi elektr uzilishlari bo‘yicha energetika vaziriga so‘rov yubordi

eʼlon qilindi
So‘nggi vaqtlarda Toshkent shahrida elektr energiyasi 3–4 soatga uzilmoqda
Отключение электроэнергии
Senator Toshkentdagi elektr uzilishlari bo‘yicha energetika vaziriga so‘rov yubordi. Foto: Anton Dmitriev / Unsplash

Toshkent shahridagi elektr taʼminotidagi muammolar bo‘yicha energetika vaziriga senator so‘rovi yuborildi. Bu haqda Yuqori palata matbuot xizmati ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, so‘nggi vaqtlarda Toshkent shahrida elektr energiyasi 3–4 soatga uzilmoqda. Bu holat aholining kundalik turmush tarziga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Shuningdek, ijtimoiy soha obyektlari va tadbirkorlik faoliyatida ham muammolar yuzaga kelmoqda.

«Xususan, svetoforlar faoliyatidagi uzilishlar transport harakatini tartibga solishda qiyinchilik tug‘dirmoqda, bu esa yo‘l harakati xavfsizligiga tahdid solmoqda. Shuningdek, ishlab chiqarish va savdo obyektlarida sovutish tizimlarining ishdan chiqishi natijasida yirik moliyaviy zararlar yuzaga kelayotgani, xonadonlarda esa maishiy texnika vositalarining ishdan chiqishi holatlari aniqlanmoqda», — deyiladi xabarda.

Shu sababli Senatning Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Sayyora Abdikarimova tomonidan Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov nomiga rasmiy senator so‘rovi yuborildi.

Bundan oldin Toshkentda elektrdan foydalanish bo‘yicha kunlik rekord qayd etilgani haqida yozgandik.

Unga ko‘ra, O‘zbekistonda shu yilning 16 – 21-iyul kunlari kuzatilgan anomal issiq ob-havo davrida elektr energiyasi bo‘yicha yangi tarixiy rekordlar qayd etildi. 

Jumladan, 18-iyul kuni mamlakat bo‘yicha umumiy kunlik iste’mol hajmi 272,6 million kVt-soatni tashkil etib, ilgari qayd etilgan qishki maksimum (271,8 mln kVt-soat) va 2024-yilgi yozgi rekorddan (253,3 mln kVt-soat) oshdi.

Shuningdek, 21-iyul kuni soat 17:00 da tizimdagi maksimal quvvat yuklamasi 13,3 Gvtga yetib, bu ham qishki rekord (12,5 Gvt) va 2024-yil yozidagi ko‘rsatkichlardan (11,8 Gvt) yuqoriligini anglatadi.

Shuningdek