O‘zbekistonda bojxona bo‘yicha apellyatsiya kengashi tashkil etildi

O‘zbekistonda yuklarni bojxona rasmiylashtiruvi jarayonida yuzaga keladigan biznes muammolarini hal etish maqsadida Apellyatsiya kengashi tashkil etildi. Tegishli qaror Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilindi.
Kengash tadbirkorlarning murojaatlarini ko‘rib chiqadi, bojxona organlariga uslubiy ko‘mak beradi, shuningdek, bojxona va biznes o‘rtasida muloqotni yo‘lga qo‘yadi. Bundan tashqari, kengash tovarlarning qiymatini aniqlash va imtiyozlarni qo‘llash bo‘yicha tavsiyalar berish huquqiga ega bo‘ladi.
Apellyatsiya kengashiga O‘zbekiston Bojxona qo‘mitasi raisi Akmalxo‘ja Mavlonov raislik qiladi. Kengash a’zolari tarkibiga qo‘mita boshqarmalari rahbarlari, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda Savdo-sanoat palatasi vakillari, shuningdek, bir nechta biznes uyushmalari vakillari kiradi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan tadbirkorlar bojxonada qolib ketgan avtomobillarni qayta rasmiylashtirish taklifini bergani haqida yozgandi.