O‘zbekiston banan importi bo‘yicha yangi rekord o‘rnatdi

2025-yilning yanvar – iyun oylarida mamlakat 95,3 ming tonna banan import qilgan. Bu 2024-yilning shu davriga nisbatan besh foizga ko‘p. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi xabar berdi.
Import geografiyasiga qaralsa, umumiy hajmning 98,6 foizi Ekvadordan – 94 ming tonna mahsulot olib kelingan. Qolgani esa Xitoy (539 tonna), Qirg‘iziston (295 tonna), Hindiston (224 tonna) va boshqa davlatlardan (205 tonna) yetkazib berilgan.
EastFruit’ga ko‘ra, 2025-yilning birinchi yarmida bananga bo‘lgan talab ichki bozordagi nisbatan barqaror narxlar fonida yana-da oshdi. Yanvardan iyungacha bo‘lgan davrda ulgurji narxlar o‘tgan yilgi darajadan deyarli farq qilmagan.

Bundan tashqari, so‘nggi to‘rt oy davomida O‘zbekiston Rossiya, Moldova, Polsha va Ukraina kabi mamlakatlarga qaraganda bananning ulgurji narxi eng past bo‘lgan davlat bo‘lib qoldi.
Mamlakatda 2021-yildan beri ushbu mahsulotga bo‘lgan talab muntazam ortib bormoqda va har yili yangi rekordlar qayd etilmoqda. EastFruit mutaxassislariga ko‘ra, bu holat O‘zbekistonda banan savdosi va logistikasining yuqori samaradorligidan dalolat beradi.
Bundan avval O‘zbekistonda banan yetishtirish yo‘llari haqida maqola e’lon qilgandik.