Toshkentda tez yordam kelishini onlayn kuzatish imkoni yaratildi

eʼlon qilindi
Respublika tez tibbiy yordam markazi va Yandex Uzbekistan hamkorligida
Foto: Yandex Uzbekistan

Toshkent shahri aholisiga tez tibbiy yordam guruhi qanday harakatlanayotganini real vaqt rejimida xaritada kuzatish imkoniyatini yaratdi. Bu haqda Yandex Uzbekistan Kursiv’ga xabar berdi.

Yangi tizim Respublika tez tibbiy yordam markazi va Yandex Uzbekistan hamkorligida ishlab chiqilgan bo‘lib, bemor va yaqinlariga tibbiy yordam guruhi qayerda ekanini kuzatish va kelish vaqti haqida oldindan tayyorlanish imkonini beradi. Chaqiruv yuborilgach, foydalanuvchiga SMS orqali elektron xaritaga havola yuboriladi. U orqali tez yordam mashinasining yo‘nalishini onlayn ko‘rish mumkin bo‘ladi.

Foto: Yandex Uzbekistan

Keyinchalik bu imkoniyat Yandex Go mobil ilovasi orqali ham taqdim etiladi. Foydalanuvchilar tez tibbiy yordamni qayerda ekani va taxminiy yetib kelish vaqti haqida push-xabarnomalar orqali ma’lumot olishadi. Shuningdek, bu ma’lumotlarni ilova ichidan boshqalar bilan ulashish ham mumkin bo‘ladi.

Foto: Yandex Uzbekistan

Loyiha Respublika tez tibbiy yordam markazining chaqiruvlarga tayyorgarligini tezlashtirish va eng asosiysi, dispetcherlar yuklamasini kamaytirishga xizmat qiladi.

«Raqamlashtirish jarayonlarni yanada shaffof va insonlar uchun ochiq qiladi. Umid qilamizki, tez tibbiy yordam brigadasi qayerda joylashganligi to‘g‘risida ma’lumot brigadani qabul qilishga tayyorgarlikni tezlashtirishga yordam beradi. Hozirda bu yechim Toshkent shahrida shoshilinch chaqiruvlar uchun amal qiladi, biroq biz kelajakda loyihani kengaytirish imkoniyatini ko‘rib chiqyapmiz», dedi Respublika tez tibbiy yordam markazi direktori Abduvoitjon G‘ofurov.

Ma’lumotlarga ko‘ra, respublika bo‘yicha kuniga o‘rtacha 40 mingga yaqin chaqiruvlar qabul qilinadi, ularning 60 foizi shoshilinch holatlar hisoblanadi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Yandex qidiruvi endi o‘zbek tilida va sun’iy intellekt yordamida ishlashi haqida yozgandi.

Shuningdek