USAID’ning tonnalab gumanitar yordami omborlarda chirimoqda — The Washington Post

AQShning USAID tashkiloti yordamga mo‘ljallangan 60 ming tonnadan ortiq oziq-ovqatni omborlarda qolib ketgan. Ba’zilari hatto yaroqlilik muddati o‘tgan. Bu haqda The Washington Post xabar bermoqda.
Jorjiyadagi omborlarda uzoq vaqt saqlanib qolgan 15 ming funtlik yordam mahsulotlariga eskirganlik tamg‘alari bosilgan. Shuningdek, Mana Nutrition kompaniyasi omborida $50 mln qiymatdagi yer yong‘oqli pastalar ham iste’mol muddati o‘tib bormoqda.
«Pul to‘langan, hammasi tayyor. Faqat hech kim olib ketmayapti», — dedi Mana Nutrition rahbari Devid Todd Harmon.
AQSh Davlat departamentining may oyi oxiridagi hujjatida yozilishicha, bu mahsulotlar zudlik bilan boshqa joylarga ko‘chirilishi kerak. Ammo muammo shundaki, Tramp ma’muriyati USAID agentligini 80 foiz qisqartirgan va 1-iyuldan uni butunlay yopgan. Natijada har yili $1 mlrdgacha gumanitar yordam tarqatgan tizim butkul to‘xtagan.
Davlat departamenti $52 mlnlik grant ajratib, 12 ming tonna oziq-ovqatni Afrika va Gaitiga jo‘natish uchun tayyorlamoqda. Ammo G‘azo bu ro‘yxatda keltirilmagan.
Rasmiylar mahsulotlar hali dasturlarga biriktirilmaganini, shuning uchun kechikish bo‘lmaganini aytmoqda. Lekin yordam oladigan mamlakatlargacha mahsulot yetib borishi uchun oylab vaqt ketishi mumkin. Bu esa Afrika va Yaqin Sharqda ochlikdan aziyat chekayotganlar uchun juda kech bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri AQShning USAID agentligi rasman yopilgani haqida yozgan edi.
AQSh hukumati tomonidan xalqaro yordam dasturlarini amalga oshirib kelgan USAID agentligi rasmiy ravishda o‘z faoliyatini to‘xtatgan.