Tesla robot taksi xizmatini Bruklinda ishga tushirmoqda

Tesla robot taksi xizmatini Nyu-Yorkning Bruklin hududida ishga tushirish arafasida. ITHome nashrining xabariga ko‘ra, xizmat kelgusida Arizona, Florida, Nevada va Texas shtatlariga ham yoyilishi rejalashtirilgan.
Kompaniya ushbu loyiha uchun faol ishchi qidirmoqda va Google Waymo bilan bevosita raqobatga kirishga tayyorlanmoqda. Tesla o‘ziga xos strategiyasini davom ettirib, xizmatni avval ishga tushirib, keyin xavfsizlik va huquqiy muammolarni hal etishga kirishmoqda. Boshqa tomondan, Google Waymo AQSh bo‘ylab xizmatlarini bosqichma-bosqich kengaytirgan edi.
Shunga qaramay, kompaniya rahbari Ilon Mask xavfsizlikka doir ehtiyot choralariga jiddiy yondashilayotganini bildirgan. Unga ko‘ra, hozircha har bir avtonom avtomobilda ehtiyot chorasi sifatida old o‘rindiqda xavfsizlik xodimi joylashtiriladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Tesla Ostin va San-Fransiskoda yuqoridagi xizmatni ishga tushirgani haqida xabar bergan edi.