1-oktabrdan tadbirkorlar davlat yerlarini mavsumiy ijaraga olishi mumkin

Shu yilning 1-oktabridan boshlab tadbirkorlarga binolar va inshootlarga tutash bo‘lgan davlat yerlaridan mavsumiy foydalanish uchun ijaraga berish tartibi joriy etiladi. Bu haqda hukumat qarori qabul qilindi.
Qaror bilan, tadbirkorlar o‘zlariga tegishli binolar yoki yer uchastkalariga tutash, lekin davlat tashkilotlariga biriktirilgan (sog‘liqni saqlash, ta’lim va maktabgacha ta’lim obyektlari bundan mustasno) maydonlarda umumiy ovqatlanish, savdo va xizmat ko‘rsatish faoliyatini yuritish huquqini oladi.
Ijaraga berilgan maydonlardagi faoliyat vaqtincha bo‘lsa-da, aniq talablarga asoslanadi. «Dizayn-kod» asosida tasdiqlanmagan hech qanday qo‘shimcha qurilishga yoki konstruktiv o‘zgarishga yo‘l qo‘yilmaydi. Aks holda ijara bekor qilinib, obyektlar buziladi.
Ijara qanday amalga oshiriladi
- hokim qarori asosida har yili 1-oktabrda kelgusi yil uchun joylashtirish sxemasi tasdiqlanadi;
- tadbirkor o‘ziga tutash 5 metrgacha bo‘lgan bo‘sh maydonni auksionsiz, to‘g‘ridan to‘g‘ri ijaraga olishi mumkin;
- ijara muddati bir yilgacha bo‘ladi;
- yer solig‘i stavkasining uch baravarigacha ijara to‘lovi undiriladi.
Shuningdek, bugungi kunda ruxsatsiz faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar uchun ikki bosqichli xatlov joriy qilinadi:
- 1-sentabrgacha – markaziy ko‘chalardagi obyektlar aniqlanadi;
- 1-oktabrgacha – qolgan hududlardagi faoliyat xatlovdan o‘tkaziladi.
Xatlov natijalariga ko‘ra, faoliyatni qonuniylashtirish yoki tartibga solinmagan holatlarda obyektlarni bo‘shatish ta’minlanadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan iyun oyida Toshkentda ikkilamchi uy-joylar narxi tushgani haqida yozgandi.