Tramp Hindistonga Rossiyadan neft xarid qilgani uchun yana tariflar bilan tahdid qildi

AQSh prezidenti Donald Tramp Hindistonning Rossiyadan katta miqdorda neft xarid qilayotgani uchun mamlakatdan import qilinadigan mahsulotlarga boj stavkalarini keskin oshirish bilan yana bir bor tahdid qildi. Bu haqda Reuters agentligi ma’lum qildi.
Tramp Hindiston Rossiya neftini qayta sotib, katta foyda olayotganini aytdi va bu orqali Ukraina urushini bilvosita qo‘llab-quvvatlayotganini ta’kidladi.
Hindiston Tashqi ishlar vazirligi esa bunday da’volarni asossiz deb atadi va mamlakat o‘z iqtisodiy manfaatlarini himoya qilishini bildirdi. Rasmiylar Hindiston Rossiyadan neft xarid qilishni davom ettirishini, bu global bozor sharoiti tufayli zarurat bo‘lganini ta’kidladi. Shu bilan birga, Hindiston Rossiya bilan savdo qilayotgan boshqa G‘arb davlatlarini ham eslatib o‘tdi.
Tramp oldin ham Hindistonga 25 foizlik boj joriy qilgan, hozir esa BRIKS mamlakatlarini ham tanqid qilmoqda. Bu esa AQSh va Hindiston o‘rtasidagi savdo munosabatlarida ziddiyatlarni yanada kuchaytirmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Donald Tramp o‘nlab davlatlar mahsulotlariga keskin bojlar joriy qilgan edi.