Tokzordan eksportgacha: o‘zbek uzumi jahon bozoriga qanday chiqa oladi

eʼlon qilindi
Uzumchilik — O‘zbekiston qishloq xo‘jaligining muhim yo‘nalishidir
Oltiariqda deyarli har bir xonadon uzum yetishtiradi. Foto: Husanboy G‘ofurov

Oltiariq — Farg‘ona vodiysining qadimgi Qo‘qon shahri yaqinidagi tuman. U uzum navlari va uzumchilikning boy tarixi bilan mashhur.

Tasvir: Kursiv O‘zbekiston

Bu yerda uzum yetishtirish bo‘yicha o‘ziga xos maktab shakllangan, mahalliy fermerlar tomonidan «qora shahzoda», «husayni», «rizamat» kabi o‘nlab noyob uzum navlari yaratilgan.

Oltiariqda deyarli har bir oila uzum yetishtiradi. Fermerlar eng yaxshi hosil uchun kurashmoqdalar, o‘zlari yetishtirish va saqlash usullarini ishlab chiqmoqdalar.

Ularning mehnati tufayli tumanni «uzumning oshxona navlari fabrikasi» deb atashadi. Bu yerda hatto mamlakatning boshqa hududlarida yetishtirilmaydigan turlarni ham uchratish mumkin.

So‘nggi yillarda Oltiariq gastronomik agroturizm markaziga aylanib bormoqda. Sayyohlar bu yerga uzumni to‘g‘ridan to‘g‘ri tokdan tatib ko‘rish va yetishtirish jarayonini ko‘rish uchun kelishadi.

Ushbu materialda Kursiv Uzbekiston oltiariqlik fermer, uzumning mashhur va yangi navlari, hosilni saqlash usullari, eksport istiqbollari va uzumchilik sohasidagi muammolar haqida hikoya qiladi.

Bog‘dan – peshtaxtagacha: Oltiariqda uzum mavsumi

«Oltiariq agrostar» MChJ direktori Umidjon Bozorovning aytishicha, Oltiariqda uzumchilik asrlar davomida shakllangan.

«Ajdodlarimiz hatto Tojikistonga ham ko‘chat olib borishgan va shu tufayli u yerda uzumchilik ham rivojlangan», deb eslaydi u.

Bugungi kunda tumanda 187 ta fermer bo‘lib, ular uch ming gektarga yaqin tokzorga ishlov bermoqda. Asosiy navlari – «husayni», «rizamat», «kelinbarmoq».

2024-yilda Oltiariqda 63,5 ming tonna uzum yig‘ib olindi, hosilning qariyb 60 foizi eksport qilindi. Asosiy bozorlar Rossiya, Belarus va Qozog‘iston bo‘ldi.

Oltiariqlik fermer uzumchilikni yangicha talqin qilmoqda

Husanboy G‘ofurov turli xil uzum navlarini yetishtiradi. Foto: Kursiv Uzbekistan

Oltiariqda uzum yetishtirish oilaviy an’ana hisoblanadi. Taniqli fermerlardan biri Chinortog‘ qishlog‘ida yashovchi 44 yoshli Husanboy G‘ofurovdir. U 12 yoshidan buyon uzumchilik bilan shug‘ullanadi va oilasining beshinchi avlodi hisoblanadi.

«Uzum jannat mevasidir. Har kuni oilamiz bilan uzumzorda ishlaymiz. Biz uchun uzumchilik nafaqat daromad, balki madaniyatimizning bir qismi hamdir», deydi dehqon.

Husanboyning xo‘jaligida 30dan ortiq mahalliy va xorijiy uzum navlari yetishtiriladi. Har bir butaning ortida butun oilaning ko‘p yillik mehnati bor. Husanboy bilan birga uning farzandlari va otasi mehnat qiladi, u yerda 50 yil davomida to‘plagan tajribasi bilan o‘rtoqlashadi. Ular toklarni parvarish qilib, sug‘orishni nazorat qiladilar va hosilni yig‘ib oladilar.

Husanboy bu yil Toshkent davlat agrar universitetini tamomlab, agronomlik diplomini oldi. Endi bilim ulashmoqchi. Uning maqsadi yoshlarga uzumchilikni o‘rgatishdir. O‘z tumanida Uzumchilik maktabini ochishni rejalashtirilgan.

Husanboy amaliy ko‘nikma berilsa, yoshlar uyda pul topishi mumkinligiga ishonchi komil. Bu kichik biznes va agroturizmni rivojlantirishga yordam beradi va eng muhimi, yoshlarni qishloqda ushlab qolishga sabab bo‘ladi.

Ommabop navlar va jahon uzum bozoridagi trendlar

«Husayni» – eng ommabop va uzoq saqlanadigan navdir. Foto: Husanboy G‘ofurov

O‘zbekistonda eng ommabop nav «husayni» bo‘lib qolmoqda. Ammo jahon bozorida urug‘siz navlar tobora ko‘proq qadrlanmoqda. Oltiariqlik dehqonlar yangi turlarni masalan, «so‘g‘diyona», «preobrajeniye» va bahorgacha saqlanadigan qora urug‘siz «avatar» navlarini yetishtirishni boshladilar.

«Bugungi kunda fermerlar urug‘siz navlarga ko‘proq e’tibor qaratmoqda. Lekin bu yo‘nalishda hozircha oqsayapmiz», deydi Husanboy.

Ko‘chatlarni xorijdan olib kirish taqiqlangan, shuning uchun yangi navlar Jizzax viloyatidagi laboratoriyalarda yaratilmoqda.

«Shartnoma tuzib qo‘yganmiz, shu navdagi ko‘chatlar bizga yetkazib berilyapti», deya aniqlik kiritadi Umidjon Bozorov.

Saqlash va eksport

Husanboy hosilni saqlashga alohida e’tibor beradi. Uning aytishicha, uzum kuzda yig‘iladi va may oyigacha saqlanadi. Mavsumda kilogrammi taxminan 7 ming so‘m turadi, qishda narx 15-20 ming so‘mgacha ko‘tariladi.

Fermer 3 tonnagacha uzumni yozgacha uyida saqlaydi. Foto: shaxsiy arxivdan

Uzum Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikistonga eksport qilinadi. To‘g‘ri saqlash rezavorlarning ta’mi va sifatini bir necha oydan keyin ham saqlab qolish imkonini beradi.

2024-yilda O‘zbekiston $186,2 mlnlik 219,2 ming tonna uzum eksport qilgan. Asosiy xaridorlar:

  • Rossiya – 174,9 ming tonna;
  • Qozog‘iston – 21 ming tonna;
  • Qirg‘iziston – 15,4 ming tonna;
  • Belarus – 6,9 ming tonna;
  • Ukraina – 334 tonna.

O‘zbekiston nega xo‘raki uzum bozorida o‘z o‘rnini yo‘qotmoqda

Xo‘raki uzum dunyoda banandan keyin ikkinchi eng mashhur meva bo‘lib, uning jahon savdosi yiliga o‘rtacha 3,6% yoki har yili 336 mlnga o‘sib bormoqda. Ammo O‘zbekiston eksporti an’anaviy bozorlarda ham kamayib bormoqda.

Sabablari quyidagilar:

  • eskirgan navlar: 71% maydonlar danakli «xusayni», «toyfi» navlari bilan band bo‘lsa, AQSh va Chilida faqat urug‘siz turlar yetakchilik qiladi;
  • texnologiya bo‘yicha orqada qolish: O‘zbekiston uzumlarining uzum boshlari juda katta (1 kg atrofida), seleksiya yangiliklari va zamonaviy saqlash usullariga qiziqish yo‘q;
  • axborot to‘sig‘i: yangi ko‘chatlarni import qilish qiyin, fermerlar odatiy navlarga e’tibor qaratadi, davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash zamonaviy texnologiyalarga o‘tishni rag‘batlantirmaydi.

Fermer Oltiariqda turizmga yo‘l ochmoqda

Maldiv orollaridan kelgan sayyohlar mahalliy uzumni tatib ko‘rishmoqda. Foto: shaxsiy arxivdan

Oltiariq asta-sekin gastronomik turizmning mashhur yo‘nalishlaridan biriga aylanib bormoqda. Bu yerga Yaponiya, BAA, Fransiya, Hindiston va boshqa davlatlardan mehmonlar kelib, tokning o‘zidan uzumning ta’mini tatib ko‘rishadi, uni qanday yetishtirish va saqlashni ko‘rishadi.

Fransiyadan kelgan sayyohlar Husanboyning xonadonida. Foto: shaxsiy arxivdan

Fermer Husanboyning ta’kidlashicha, ayniqsa, oltiariqlik uzumchilarning oktabr oyida uzilgan mevalari yoz fasligacha yangiligini saqlab qolishi sayyohlarni hayratga solmoqda.

Uning aytishicha, ko‘plab sayyohlar uzumni qanday qilib ta’mini yo‘qotmasdan uzoq vaqt saqlashga muvaffaq bo‘lishganiga qiziqishadi. Fermer mehmonlarga o‘z usullarini ko‘rsatib, uzumni issiqxona va maxsus idishlarda qanday saqlash kerakligini tushuntirmoqda.

Fermer Hindistondan kelgan sayyohlar bilan bo‘lgan voqeani eslaydi:

«Ular bizning uzumimizni tatib ko‘rib, «Uuu, qanday mazali ekan!» deyishdi. Buni eshitish juda yoqimli edi. Bunday lahzalar bizni ishimizni davom ettirishga ilhomlantiradi».

Husanboy mahorat darslari va uzumchilik maktabiga ega agroturizm majmuasini tashkil etishni rejalashtirmoqda.

«Sayyohlar nafaqat uzum bilan ketishlarini, balki o‘zlari bilan madaniyatimizning bir qismini olib ketishlarini xohlayman», — deydi dehqon.

Uning so‘zlariga ko‘ra, agroturizmni rivojlantirish mahalliy an’analarni saqlab qolish va uzum yetishtirishda zamonaviy yondashuvlarga e’tiborni jalb qilishga yordam beradi.

Shuningdek