Naqshbandiylar va sayyoh darvishlar: O‘zbekistondagi muqaddas ziyoratgohlar

eʼlon qilindi
Islomdagi tasavvuf O‘zbekistonning diniy va madaniy merosining bir qismi hisoblanadi
O‘zbekiston tasavvufining bosh ziyoratgohi – Naqshbandiy maqbarasi. Foto: commons.m.wikimedia.org

«Dil bayoru dast bakor» – «Diling Allohda, qo‘ling mehnatda bo‘lsin». Bu iborani so‘fiylik tariqatining millionlab Naqshbandiya izdoshlari takrorlaydi. Buxoroda tashkil topgan bu so‘fiylik tariqati birodarlik islom olamidagi eng ta’sirli tariqatlardan biriga aylangan. Buxoro shahrida Naqshbandiya tariqatining asoschisi — Bahouddin Naqshband maqbarasi joylashgan.

Bahouddin Naqshband (Muhammad binni Muhammad Bahouddin an-Naqshband al-Buxoriy) XIV asrda (1318 – 1389) yashagan va buyuk imperator Amir Temurning zamondoshi bo‘lgan. U juda oddiy va qat’iy zohidona hayot kechirgan, butun umrini ma’naviy yo‘lga bag‘ishlagan.

Allohni zikr, birodarlik va mehnat — Naqshbandiya tariqatining asosiy qadriyatlari. Tasvir: ochiq manbalardan olingan

Naqshband uchun qalb sokinligi va Alloh yo‘lida mehnat qilish muhim edi. Uning ta’limoti ko‘pchilik uchun yo‘lchi yulduz bo‘ldi. Ular kundalik hayotdan ajralmagan holda Allohga yetishish yo‘lini izladilar.

O‘zbekiston — nafaqat Naqshbandiya, balki yana ikki so‘fiylik tariqati — Kubraviyya va Yassaviyyaning ham vatani hisoblanadi. Ularning asoschilari chuqur mistik bilim qoldirganlar. Ular muqaddas joylarni barpo etganlar va bugungi kunda ham u yerlarga ziyoratchilar, haqiqatni izlovchilar kelishadi.

Bu mistik an’analar O‘zbekistonni o‘ziga xos muqaddas yurtga aylantiradi. Bu yerda ruhiyat va hayot uyg‘unlikda yashaydi. Qadimiy maqbaralar abadiylik nafasini va o‘tmish sirlarini o‘zida saqlaydi.

«Kursiv» nashri O‘zbekistondagi tasavvuf haqida hikoya qiladi va sizni qadimiy ziyoratgohlar bo‘ylab qiziqarli sayohatga taklif qiladi. Bu yerda siz Sharqning jonli merosini his qilishingiz, ruh va tarix yonma-yon bo‘lgan joylarga tashrif buyurishingiz mumkin.

Ushbu maqolada biz quyidagilarni hikoya qilamiz:

So‘fiylar kim va ularga kimlar ergashgan?

Buxoroda naqshbandiy so‘fiylari. Foto: Buxoro turizm qo‘mitasi

So‘fiylar islom dinidagi oriflar, ruh va qalbni poklash orqali Allohga yaqinlashishga qaratilgan ma’naviy yo‘l izdoshlari. «So‘fiy» atamasi arabcha «suf» — jun so‘zidan kelib chiqqan.

Dunyo lazzatlaridan voz kechib, oddiylikka intilish ramzi sifatida dag‘al jun kiyim kiyganlarni shunday atashgan.

Shuningdek, «so‘fiy» so‘zi «poklik» tushunchasi bilan bog‘liq bo‘lib, so‘fiylarning ichki va tashqi poklikka intilishini aks ettiradi. «Tasavvuf» so‘zi Qur’onda tilga olinmagan.

O‘zbekistonda tasavvuf: Naqshbandiya tariqati ma’naviy jamoasi

Butun dunyodan so‘fiylar tashrif buyuradigan Buxoro. Foto: Kursiv Uzbekistan

Naqshbandiya tariqati — O‘zbekistonda va butun islom olamida tasavvufning shakllanishida muhim o‘rin tutgan eng nufuzli tariqatlardan biridir. Bu tariqat XIV asrda Buxoroda Bahouddin Naqshband tomonidan asos solingan bo‘lib, mintaqaning ma’naviy va madaniy hayotida katta ahamiyatga ega.

«Naqshband» so‘zi — «zarb qiluvchi» degan ma’noni anglatadi. Tariqatning asosiy g‘oyasi — «olomon ichida yolg‘izlik» ya’ni ijtimoiy hayotda faol ishtirok etgan holda ruhiy diqqatni saqlashni bildiradi.

O‘rta Osiyoda tasavvuf, ayniqsa Naqshbandiya ta’limoti, xon sulolalari va hukmdorlarning pirlari bilan chambarchas bog‘liq bo‘lgan. Bu tariqat mintaqaning siyosiy va madaniy hayotiga sezilarli darajada ta’sir ko‘rsatgan.

Naqshbandiya tariqatining so‘fiylik amaliyoti musiqa va raqslarsiz, xotirjam zikr qilish orqali amalga oshiriladi.

Naqshband qabrini butun dunyo so‘fiylari e’zozlaydilar. Foto: Buxoro turizm qo‘mitasi

Buxorodagi Bahouddin Naqshband qabri — mintaqaning eng muhim ziyoratgohlari va qadamjolaridan biridir.

Bugungi kunda Naqshbandiya ta’limotiga qiziqish ortib bormoqda. U an’anaviy islom va milliy madaniy merosning ajralmas qismi sifatida o‘z ahamiyatini saqlab qolmoqda.

Ushbu tasavvuf tariqati ko‘plab buyuk shaxslar va musulmonlarning ma’naviy yo‘liga aylangan. Ular orasida:

  • Abdurahmon Jomiy — o‘rta asrlardagi mashhur tojik shoiri,
  • Alisher Navoiy — o‘zbek shoiri va mutafakkiri,
  • Imom Shomil — Kavkaz muridchiligi asoschisi,
  • Ibni Obidin — Usmonli xalifaligida muftiy bo‘lgan yirik faqih,
  • Sulton Muhammad II Fotih — Usmonli sultoni, Konstantinopolni zabt etgan,
  • Shayx Oqshamsuddin — Muhammad Fotihning piri bo‘lgan.

1517-yildan boshlab, turk sultonlari musulmon dunyosining ma’naviy rahbari — xalifa sifatida tan olinganlar. Shu davrdan boshlab, Naqshbandiya tariqatining so‘fiy murshidlari Usmonli saroyida muhim lavozimlarni egallab, hokimiyat bilan din o‘rtasidagi aloqani mustahkamlashda katta rol o‘ynaganlar.

Naqshbandiya: xalqaro birlik va ma’naviy yo‘l

Naqshbandiy maqbarasidagi festival ishtirokchilari. Foto: Buxoro turizm qo‘mitasi

Naqshbandi Tourism xalqaro festivali 2018-yildan buyon muntazam o‘tkazib kelinmoqda. Bu tadbir har yili Buxoro va O‘zbekistonning boshqa muqaddas maskanlarida o‘tkazilib, dunyoning turli burchaklaridan Naqshbandiya ta’limotiga e’tiqod qiluvchilar hamda unga qiziqish bildiruvchilarni bir joyga jamlaydi.

Bugungi kunda ushbu ma’naviy yo‘lning 40 milliondan ortiq izdoshlari mavjud. Ularning faoliyatini Jahon so‘fiylar markazi muvofiqlashtirib boradi. Bu nodavlat tashkilotning bosh qarorgohi Malayziyaning Kuala-Lumpur shahrida joylashgan.

Yassaviya islomni qadimgi turkiy urf-odatlar bilan uyg‘unlashtiradi. Tariqatda ajdodlar, muqaddas daraxtlar va olov e’zozlanadi. Xalqona va’zxonlik va oddiy ruhiy nasihatlar muhimdir.

O‘zbekiston tarixidagi boshqa tasavvuf maktablari

Yassaviya

Turkiston shahridagi (Qozog‘iston) Ahmad Yassaviy maqbarasi. Foto: Marat Sodiqov

Yassaviya ta’limotiga XII asrda Ahmad Yassaviy asos solgan. Bu tariqat ko‘chmanchi va yarim ko‘chmanchi turkiy xalqlar orasida keng tarqalgan. Yassaviya — mintaqa madaniyati va diniga chuqur ta’sir ko‘rsatgan birinchi turkiy tilli tasavvuf tariqati hisoblanadi.

Tasavvufning yanada ochiq va ifodali shakli aynan ushbu tariqatga xosdir. Naqshbandiyadan farqli o‘laroq, uning izdoshlari musiqa, she’riyat, baland ovozda zikr qilish va jismoniy harakatlardan foydalanadilar.

Yassaviya islomni qadimgi turkiy urf-odatlar bilan uyg‘unlashtiradi. Tariqat ajdodlar, muqaddas daraxtlar va olovni ulug‘lashni o‘ziga xos qadriyat sifatida ko‘radi. Xalqona va’zxonlik hamda oddiy ruhiy nasihatlar bu yo‘lda muhim o‘rin tutadi.

Kubraviya

Turkmanistondagi Najmiddin Kubro maqbarasi. Foto: ru.m.wikipedia.org

Kubroviya — Najmiddin Kubro tomonidan asos solingan nufuzli tasavvuf tariqati bo‘lib, chuqur mistik falsafa va ruhiy amaliyotlari bilan mashhur.

Kubroviya Xorazm, O‘rta Osiyoning boshqa hududlari hamda Eronning diniy hayotiga katta ta’sir ko‘rsatgan. O‘zbekistonda XIII–XIV asrlarda, ayniqsa Xorazmda, bu tariqat yuksak mavqega ega bo‘lgan.

Xorazm va Xiva atroflarida Najmiddin Kubro muridlariga tegishli bir qator muqaddas qadamjolar saqlanib qolgan.

Kubroviya izdoshlari zikrni ham past, ham baland ovozda bajaradilar. Bu amaliyotda ichki nurga (ma’naviy nurlanishga) e’tibor qaratish muhim o‘rin tutadi.

Darvishlar — Orta Osiyoda xalq orasida yoyilgan ta’riqat yo‘lining vakillari

Samarqand darvishlari XIX asr oxiri. Foto: tr.pinterest.com

Sovet hokimiyatiga qadar O‘rta Osiyoda darvishlar shahar hayotining ajralmas qismi bo‘lgan. Ularni Buxoro, Samarqand, Qo‘qon va Toshkent bozorlarida, ko‘cha va yo‘llarida uchratish mumkin edi. Darvishlar o‘ziga xos g‘ayrioddiy kiyinishlari, baland ovozda ibodat qilishlari va o‘zini tutish uslubi bilan diqqatni tortgan.

Rus rassomi Vasiliy Vereshchagin 1867-yilda O‘rta Osiyoga kelgan. 1871–1873 yillarda u «Turkiston turkumi» nomli turkum kartinalar yaratdi. Ushbu kartinalarda jang sahnalari va mahalliy aholining portretlari aks etgan bo‘lib, ular orasida darvish so‘fiylar ham bor edi.

O‘sha davrda fotograflar «Turkiston albomi»ni tayyorlashdi. Unda tavsiflar bilan birga 1200dan ortiq fotosurat jamlangan. Darvishlar bu albomda alohida o‘rin egallab, o‘lkaning ma’naviy hayotga bo‘lgan jonli qiziqishni namoyon etgan.

Vereshchagin. Darvishlar bayram liboslarida. Foto: wmuseum.ru
Vereshchagin. Darvishlar. Rasm: ochiq manbalardan
Vereshchagin. Xayr-sadaqa so‘rayotgan darvishlar xori. Rasm: ochiq manbalardan

Sovet hokimiyati o‘rnatilishi bilan darveshlik ordenlari taqiqlandi. Tasavvuf yashirin holga o‘tdi va bu ruhiy darbadarlar haqidagi xotira faqat ularni eslab qolgan odamlarning ongida saqlanib qoldi.

Buxoro darvishlari. XIX asrning ikkinchi yarmi. Foto: en.wikipedia.org

Darvish — fors tilidagi «darvesh» so‘zidan olingan bo‘lib, «kambag‘al», «qashshoq» degan ma’noni bildiradi. U voz kechish, kamtarlik va ruhiy poklanish orqali Yaratganga yaqinlashishga intiladi. Darvishni ko‘pincha hurmat bilan ata – «ota» shuningdek, qalandar – erkin darbadar deb atashgan.

Darvishlarning ikki asosiy turi mavjud edi: Birinchisi — qalandarlar. Ular shahar va qishloqlar bo‘ylab ko‘chib yurib, xayr-ehson evaziga kun kechirganlar. Ikkinchisi — o‘troq darvishlar. Bunday darvishlar xonaqoh yoki teqiyalarda — ya’ni ma’naviy maskanlarda yashab, namoz o‘qish, ro‘za tutish va shogirdlar yetishtirish bilan shug‘ullanganlar.

Bunday xonaqohlar ko‘pincha xayr-ehson hisobiga yoki davlat homiyligida bunyod etilgan. Ayniqsa, Buxoro va Samarqandda ular keng tarqalgan edi.

Darvishlikning asosiy g‘oyasi mulk va mol-dunyodan butunlay voz kechishdir. Darvesh o‘z qo‘lidagi barcha narsani Xudoga tegishli deb biladi va uni boshqalar bilan baham ko‘rishni burch deb hisoblaydi.

Xristian rohiblaridan farqli o‘laroq, darvishlarga uylanish va oila qurishga ruxsat berilgan. Ular uchun asosiy narsa tashqi cheklovlar emas, balki Xudoga bo‘lgan ichki intilishdir.

Darvish va qashshoqlik hikoyasi

Bir darvish bor edi. U shunchalik qashshoq ediki, ustidagi kiyimlari bir-biriga tikilgan yamoqlardan iborat edi. Biroq u hech qachon taqdiridan nolimasdi. Doimo shunday derdi: «Menga bir burda qotgan non va oddiy kiyim kifoya. Birovdan yordam so‘ragandan ko‘ra, muhtojlikka chidash Afzal».

Bir kuni kimdir unga shahardagi saxovatli boyning huzuriga borishni maslahat berdi. Ammo darvish bunga ko‘nmadi va javoban shunday dedi: «Odamlardan narsa so‘rash — do‘zaxda azob chekkan bilan barobar. Qo‘l cho‘zib yurgandan ko‘ra, mashaqqatlarga mardona chidab, jannatga kirgan Afzal».

Uning e’tiqodi ruhiy mustaqillik va ichki kuchga ishonch edi. U qashshoqlikda ham irodasini, ham Allohga yaqinligini saqlagan, har qanday moddiy ne’matdan ko‘ra sabr, viqor va qanoatni ustun bilgan.

She’riyat va madaniyatda darvishlar

Tasavvuf she’riyati ko‘pincha darveshning ichki yo‘lini — Xudoga muhabbat, o‘zidan kechish va ruhiy izlanish yo‘lini tasvirlaydi.

Buyuk mutafakkir Alisher Navoiy ham tasavvuf mavzusiga ko‘p bora murojaat qilgan. Uning quyidagi misralari tasavvufiy ruhiyatni yuksak badiiylik bilan ifodalaydi:

Tengri zikrikim, maloyikka g‘izoyi ruh erur,
Bu g‘izoni Haq yo‘liga kirgan elga zod bil.

Ma’nosi: Farishtayu maloyikalarning Allohni zikr etishi ularga ruhiy oziq bo‘ladi, bu narsa (zikrulloh) Haq yo‘liga kirgan odamlarga ham quvvat berishini angla.

Navoiyning aytishicha, Haq yo‘liga kirgan odamning asosiy mashg‘uloti ham Tangri zikri bo‘lishi kerak, hatto u shu zikrdan maloyikalar kabi o‘ziga quvvat ola bilishi lozim.

Boborahim Mashrab – darvish, shoir, isyonkor

Namangandagi Mashrab haykali. Foto: mytashkent.uz

Darvishlarning O‘rta Osiyodagi yorqin namoyandalaridan biri — o‘zbek mutasavvuf shoiri Boborahim Mashrab (1653–1711) edi. U dastlab Naqshbandiya tariqati ta’sirida shakllangan bo‘lsa-da, keyinchalik qalandarlikka — ya’ni rasmiy diniy qoidalarni tan olmasdan, Allohga yetishishni ichki erkinlik, haqiqat izlash va riyodan xoli hayot orqali yoqlovchi tasavvuf yo‘nalishiga moyil bo‘lgan.

Mashrab ko‘chmanchi hayot tarzini olib borib, xalq orasida yashagan, oddiy insonlar bilan muloqotda bo‘lgan va she’rlari orqali rasmiy ruhoniylar, ikkiyuzlamachilik va diniy zo‘ravonlikni keskin tanqid qilgan.

U insonni chin ma’naviyat sari chorlagan, tashqi ko‘rinish emas, qalb pokligini ustuvor deb bilgan. Aynan shu erkin fikrliligi va jasoratli she’riyati sabab Mashrab zamonasidagi hukmdorlar uchun xavfli bo‘lib ko‘ringan va 1711-yilda Balx shahrida (hozirgi Afg‘oniston hududi) qatl etilgan.

Darvishlar — shunchaki diniy arboblar emas. Ular ichki ozodlik, haqiqat, muhabbat va insoniylik timsolidir.

Boborahim Mashrabning ijodi bugun ham o‘z dolzarbligini yo‘qotmagan: u erkin tafakkur, tanqidiy qarash va ichki komillikka intilishni targ‘ib etuvchi bebaho ma’naviy merosdir.

QALANDAR BO‘L, QALANDAR BO‘L

Murodingga yetay desang, qalandar bo‘l, qalandar bo‘l,
Sitam ahlin yutay desang, qalandar bo‘l, qalandar bo‘l.

Og‘izdin dur sochay desang, sharobi ishq ichay desang,
Yomonlardan qochay desang, qalandar bo‘l, qalandar bo‘l.

Fasod ahlin quvay desang, (ketiga) bir uray desang,
Bu dargohdin suray desang, qalandar bo‘l, qalandar bo‘l.

Riyozatsiz bo‘lay desang, tanim ozod yuray desang,
Jahonni sayr etay desang, qalandar bo‘l, qalandar bo‘l.

Razolat kuyduray desang, zalolat o‘lduray desang,
Hamasin supuray desang, qalandar bo‘l, qalandar bo‘l.

Bu taqvodin kechay desang, xonaqohdin qochay desang,
Haqiqatni ochay desang, qalandar bo‘l, qalandar bo‘l.

Guharrezlik qilay desang, hama-ni kulduray desang,
Chu Mashrabdek bo‘lay desang, qalandar bo‘l, qalandar bo‘l.

Bugun darvishlar kundalik hayotdan ko‘rinmas bo‘lib ketgan bo‘lsalar-da, tasavvuf g‘oyalari O‘zbekiston xalqlarining madaniyati, she’riyati va xotirasida yashab kelmoqda.

Buxoro tasavvufiy me’morchilik yodgorliklari

Xoja Abdulxoliq al G‘ijduvoniy maqbarasi

Foto:avesta.tj

Abdulxoliq al-G‘ijduvoniy — Naqshbandiya tariqatining asosi bo‘lgan xojagon tariqatiga asos solgan ulug‘ mutasavvufdir. U o‘n bitta tamoyilni — ma’naviy yo‘l-yo‘riqlarni shakllantirgan bo‘lib, ular botiniy poklik, doimiy zikr va Haqqa yetaklovchi ruhiy yo‘lni belgilaydi.

Uning yodgorligi — G‘ijduvoniy tasavvuf majmuasi XV asrda bunyod etilgan bo‘lib, Buxoro shahri yaqinidagi Safan qishlog‘ida, ya’ni u tug‘ilib o‘sgan maskanda joylashgan.

Chor Bakr

Foto: uztrips.com

Chor Bakr — XV asr so‘fiylariga oid maqbaralar majmuasi bo‘lib, O‘rta Osiyodagi eng yirik maqbaralardan biridir. Bu ziyoratgoh Naqshbandiya tariqati bilan bevosita bog‘liq. Ilgari mazkur qishloq xonlik hokimiyatining tayanchi bo‘lgan darveshlar uchun boshpana bo‘lib xizmat qilgan.

Qiz Bibi ayollar xonaqohi

Foto: mdktravel.com

Tasavvuf tarixida so‘fiylar ko‘pincha erkaklar bo‘lgan bo‘lsa-da, manbalarda so‘fiy ayollar ham tilga olinadi. Ular orasida eng mashhurlaridan biri — Mastura xonim, xalq orasida mashhur bo‘lgan nomi esa Qizbibidir.

Uning nomi bilan bog‘liq ko‘plab afsonalar mavjud. Ulardan biriga ko‘ra, Qizbibi oddiy so‘fiy bo‘lgan va bir kuni xonaqoh hujralaridan g‘oyib bo‘lgan. Uning nomi bilan atalgan ibodatxona XVIII asrda bunyod etilgan.

Rivoyatlarga ko‘ra, uning ruhi hanuzgacha ushbu xonaqohni qo‘riqlaydi, u yerda yashovchi ayollarga ma’naviy yordam beradi. Bu muqaddas maskan tasavvuf tarixida ayol so‘fiylarning ham o‘ziga xos o‘rni bo‘lganidan dalolat beradi.

Xanako Fayzobod

Foto: turkestantravel.com

Buxoroning sobiq chekkasida joylashgan Fayzoboddagi xonaqoh XVI asr oxirida mashhur so‘fiy Mavlon Poyanda-Muhammad Axsi-yi Fayzobodiy tomonidan barpo etilgan. Me’moriy jihatdan e’tiborga molik bu inshootning keng zali yelkanli gumbaz bilan yopilgan bo‘lib, bu o‘sha davr me’morchiligining o‘ziga xos belgisidir.

Tasavvufning rivojlanishi bilan ilk islom asrlaridayoq xonaqohlar — ya’ni sufiya maskanlari paydo bo‘la boshlagan. «Xonaqoh» so‘zi fors tilidagi «xona» — ya’ni «uy» so‘zidan kelib chiqqan. Bu joylar jahongashta so‘fiylar, darveshlar va qalandarlar uchun boshpana, ma’naviy kamolot va ibodat makoni bo‘lgan.

Xonaqohlarda ibodatlar o‘qilgan, zikr va marosimlar o‘tkazilgan, ma’rifatli suhbatlar olib borilgan hamda shogirdlar tarbiyalangan. Fayzobod xonaqohi ham ana shunday ruhiy tarbiya va tasavvuf an’analarining markazi bo‘lib xizmat qilgan.

Buxoroning muqaddas joylarida ziyoratchilar uchun maslahatlar

Tasavvuf ziyoratgohlariga tashrif buyurish — bu shunchaki sayohat emas, balki chuqur ma’naviy tajribadir. Xususan, Buxoro — Naqshbandiya tariqati izdoshlari uchun muqaddas maskan hisoblanadi. Ushbu ziyorat joylariga hurmat bilan munosabatda bo‘lish uchun quyidagi odatiy qoidalarga amal qilish tavsiya etiladi:

  • Kamtarona va odobli kiyining:
  • Erkaklar uchun: uzun shim va yengli ko‘ylak;
  • Ayollar uchun: bosh kiyim (ro’mol), keng kiyim, yelka va oyoqlarni to‘liq yopuvchi libos;
  • Maqbaraga kirishdan oldin tahorat oling;
  • Baland ovozda gaplashmang;
  • Musiqa tinglash yoki telefon bilan chalg‘ishdan saqlaning;
  • Boshqalarning ibodatiga xalaqit bermang, ruxsatsiz suratga tushirmang;
  • Kirishda oyoq kiyimni yechish lozim — buning uchun javonlar yoki maxsus paketlar mavjud;
  • Qabr yaqiniga borganda bir lahza to‘xtang, ichingizda ibodat qiling yoki sukutda bo’ling. Shoshilmang, diqqatni jamlang.

Ushbu oddiy, ammo muhim odob-qoidalarga amal qilgan holda, siz Buxoroning nafaqat tarixiy va me’moriy obidalariga hurmat bilan qaraysiz, balki uning tirik ma’naviy ruhiga ham yaqinlashasiz.

O‘zbekistondagi tasavvuf — bu faqat maqbara va yodgorliklarda emas, balki xalqning madaniy xotirasi, she’riyati va kundalik hayotida yashab kelayotgan ruhiy an’anadir.

Shuningdek