Senator issiqxonalar muammosi bo‘yicha vazirga rasmiy so‘rov yubordi

eʼlon qilindi
Senator issiqxona sektoridagi bir qator muammolarga ham e’tibor qaratdi
Foto: Yoshlar ovozi

Oliy Majlis Senati Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasi raisi Anvar Tuychiyev tomonidan Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov nomiga issiqxona xo‘jaliklarini rivojlantirishda uchrayotgan tizimli muammolar bo‘yicha senatorlik so‘rovi yuborildi.

So‘rovda qayd etilishicha, oxirgi yillarda issiqxona xo‘jaliklari faoliyatini kengaytirish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash hamda eksportbop, yuqori qo‘shimcha qiymatga ega mahsulotlar yetishtirish masalalari davlat e’tiborida turibdi. Bu borada prezident qarorlari bilan imtiyozli kreditlar, subsidiyalar va soliq yengilliklari taqdim etilgan.

Shu bilan birga, senator issiqxona sektoridagi bir qator muammolarga ham e’tibor qaratdi. Xususan:

  • issiqxona xo‘jaliklarini moliyalashtirishda barqaror mexanizmlar yo‘qligi;
  • gaz, elektr va suv ta’minotidagi uzilishlar;
  • yuqori foizli kreditlar oqibatida ko‘plab xo‘jaliklarning bank balansiga o‘tib ketayotgani ta’kidlangan.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2025-yil may holatiga kelib, 120 gektardan ortiq issiqxona yer maydonlari bank balansiga o‘tgan, bu esa ko‘plab ish o‘rinlarining yo‘qolishiga va umumiy iqtisodiy faoliyatning pasayishiga olib kelgan.

Senator, shuningdek, quyidagi yo‘nalishlarda ham chora-tadbirlar zarurligini eslatib o‘tdi.

  • mahsulot sifati ustidan nazoratni kuchaytirish;
  • sog‘lom raqobat muhitini yaratish;
  • ilmiy asoslangan agrotexnologiyalardan foydalanish;
  • fermerlar va tadbirkorlarni urug‘chilik, agrokimyo xizmatlari bilan ta’minlash tizimini yaxshilash.

Qishloq xo‘jaligi vazirligidan senator quyidagi masalalarda tahliliy ma’lumotlar taqdim etishni so‘radi:

  • 2020 – 2024-yillarda tashkil etilgan issiqxona xo‘jaliklari soni va ularning hozirgi holati;
  • sohani moliyalashtirish bo‘yicha amaldagi mexanizmlar;
  • tabiiy resurslar bilan ta’minlashdagi muammolar va ularni bartaraf etish chorasi;
  • ilmiy yondashuv va innovatsion texnologiyalarni joriy qilish holati;
  • eksport salohiyatini oshirish hamda moliyaviy barqarorlikni ta’minlash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Senat hukumatga qurilishlar ustidan parlament so‘rovi yuborishi haqida xabar bergan edi.

Shuningdek