O‘zbekistonda hayvonlarni ro‘yxatga olish bo‘yicha yangi tartib joriy etildi

O‘zbekistonda saqlanadigan yoki ko‘paytiriladigan hayvonlar majburiy tarzda belgilangan muddatlarda identifikatsiya qilinib, ro‘yxatga olinadi. Bu haqda qonun qabul qilindi.
Yangi qonunga ko‘ra, hayvonlarni ro‘yxatga olish va identifikatsiya qilish uchun aniq muddatlar quyidagicha belgilanmoqda.
- qoramol, qo‘y, echki va tuya – tug‘ilganidan keyin 14 kun ichida;
- otlar – tug‘ilganidan so‘ng 4 oy ichida;
- cho‘chqalar – tug‘ilganidan so‘ng 1 oy ichida;
- it va mushuklar – tug‘ilganidan 3 oy o‘tib.
Mazkur muddatdan keyin esa hayvonlar 1 oy ichida kechiktirmay identifikatsiya qilinishi va ro’yxatga olinishi shart.
Shuningdek, agar hayvonlar O‘zbekistonga saqlash yoki ko‘paytirish maqsadida olib kirilsa, ular olib kirilgan kundan boshlab 21 kun ichida ro‘yxatga olinishi talab etiladi.
Ushbu tartib jismoniy va yuridik shaxslar zimmasiga chorva va uy hayvonlarini belgilangan tartibda qayd etish majburiyatini yuklaydi. Mazkur jarayonni tartibga soluvchi vakolatli organ sifatida Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi belgilangan.
Avvalroq «Kursiv» nashri O‘zbekistonda hayvonlar kontrabandasiga qarshi onlayn platforma ishga tushirilgani haqida yozgandi.