Sadir Japarov internet va matbuot ustidan nazoratni kuchaytiruvchi qonunni imzoladi

Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov «Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida»gi qonunni imzoladi. Hujjat 2025-yil 25-iyunda Jogorku Kenesh tomonidan qabul qilingan.
Qonunning maqsadi sifatida mustaqil, raqobatbardosh va mas’uliyatli ommaviy axborot vositalarini rivojlantirish uchun sharoit yaratish deya ko‘rsatilmoqda.
Asosiy bandlar:
- OAVni ro‘yxatga olish, qayta ro‘yxatdan o‘tkazish, faoliyatini to‘xtatish tartibi belgilandi. Ro‘yxatdan o‘tgan OAV shu kundan axborot tarqatishga haqli bo‘ladi. Faoliyatni to‘xtatish faqat asoschi yoki sud qarori bilan mumkin;
- Jurnalistlarning professional faoliyati va OAV ishini tashkil etish qoidalari aniqlanadi;
- Senzura qat’iyan taqiqlanadi, davlat amaldorlarining OAV ishiga aralashishi man etiladi;
- OAVga axborot manbasini sir saqlash huquqi beriladi, faqat sud qarori bo‘lsa, manba ochilishi mumkin;
- Chet ellik jismoniy va yuridik shaxslar Qirg‘izistondagi OAV ustav kapitalining 35 foizidan ortig‘iga egalik qila olmaydi.
Qonunda, shuningdek, axborot tarqatishda axloqiy me’yorlarga rioya qilish va tahririyat siyosatida mas’uliyatli yondashish talabi ham belgilangan.
Eng oxirgi band, ya’ni chet ellik shaxslar OAV ustav kapitalining 35 foizidan ko‘prog‘iga egalik qila olmasligi qonunning ushbu yo‘nalishda yangi tartibni belgilashi, so‘z erkinligida oqsash kuzatilishini ta’kidlamoqda.
Hujjat qabul qilinishi internet ustidan nazoratni kuchaytiruvchi choralar bilan bir vaqtda amalga oshmoqda. Bu choralar orasida tuhmat, haqorat va «yolg‘on ma’lumot» uchun jarimalar joriy etish, porno saytlarga to‘liq taqiq qo‘yish hamda TikTok’ni bloklash kiradi. Shuningdek, avgust oyida hukumat xalqaro internet trafikiga bir yil muddatga davlat monopoliyasini o‘rnatdi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Qirg‘izistonda internet ustidan davlat monopoliyasi joriy etilishi haqida yozgan edi.