O‘zbekistonda AES qurilishida birinchi beton 2026-yil mart oyida quyiladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Jizzax viloyatida quriladigan kichik atom elektr stansiyasi (AES) qurilish maydonida birinchi beton quyishni 2026-yil martidan kechiktirmaslikni topshirdi. Bu haqda «O‘zbekiston 24» telekanaliga «Uzatom» AJ direktori Azim Ahmedxadjayev ma’lum qildi.
AES qurilish muddati Toshkent shahrining energiya ta’minoti masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda muhokama qilindi. Prezidentga tayyorgarlik ishlari va Xalqaro atom energiyasi agentligi (MAGATE) bilan erishilgan kelishuvlar haqida axborot berildi.
O‘zbekiston yadro xavfsizligi bo‘yicha to‘rtta xalqaro konvensiyaga qo‘shildi. MAGATE mutaxassislari tanlangan qurilish joyini ijobiy baholadi. Yil oxirigacha stansiyaning xavfsizligi va uning atrof-muhitga ta’siriga oid hujjatlar ishlab chiqiladi.
«Uzatom» AJ rahbarining aytishicha, muhandislik izlanishlari allaqachon yakunlangan va yaqin kunlarda yer ishlari boshlanadi. Prezidentga loyiha bo‘yicha har ikki haftada muntazam hisobot berib boriladi.
Kichik AES qurilishi bo‘yicha shartnoma 2024-yil may oyida Rossiyaning «Rosatom» davlat korporatsiyasi tarkibidagi bo‘linma bilan imzolangan. Dastlab beton quyish 2026-yilning ikkinchi choragida rejalashtirilgan edi, biroq tayyorgarlik ishlari jadvaldan oldin yakunlandi.
AESning birinchi bosqichini ishga tushirish 2029-yilga mo‘ljallangan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri O‘zbekistondagi AES qurilishida belaruslar ham ishtirok etishi mumkinligi haqida yozgan edi.