Bolgariyada o‘zbekistonlik yigit ukrainalik ayolni qutqarishga urinib halok bo‘ldi

7-avgust kuni Bolgariyaning Sozopol shahri yaqinida o‘zbekistonlik 22 yoshli yigit ukrainalik ayolni qutqarishga urinayotganda suvga cho‘kib vafot etdi. Bu haqda O‘zbekistonning Istanbuldagi Bosh konsulxonasi xabar berdi.
Guvohlarning aytishicha, u kuchli to‘lqinlarga qaramay suvga sho‘ng‘ib, cho‘kayotgan ayol tomon suzgan. Biroq kuchli oqimdan chiqib keta olmagan. Uning jasadi yirik suv osti qoyalariga qisilib qolgan. Kuchli bo‘ron sabab qutqaruvchilar jasadni faqat ikki kundan so‘ng olib chiqargan.
O‘zbekistonning Istanbuldagi Bosh konsulxonasi va Bolgariyadagi faxriy konsulxona marhumning jasadini vataniga qaytarish ishlarini olib bormoqda.
Bolgariyaning ko‘plab qoyali plyajlari kuchli oqimlar, girdoblar va suv osti g‘orlari tufayli xavfli hisoblanadi. Noqulay ob-havo paytida tor qo‘ltiklarda bir necha metr balandlikdagi to‘lqinlar ko‘tariladi, tik qoyali qirg‘oqlar esa sirpanchiq va xavfli bo‘lib qoladi.
Mutaxassislar sayyohlarga faqat ruxsat etilgan joylarda cho‘milishni va qoyali qirg‘oqlarga yaqinlashmaslikni tavsiya qilmoqda.
Avvalroq Aqchako‘lda qayiq cho‘kishi oqibatida uch kishi halok bo‘lgani haqida yozgan edik.