Qozog‘istonda yo‘qolgan harbiy vertolyotdagi ikki uchuvchining jasadi topildi

Qozog‘istonning Sorbulak suv omborida olib borilgan qidiruv ishlari natijasida EC-145 rusumli harbiy vertolyotning parchalari hamda ikki uchuvchining jasadi topildi. Bu haqda Qozog‘iston Mudofaa vazirligi ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, 9-avgust kungi qidiruv jarayonlarida suv ostidagi harbiy vertolyot yonidan ekipaj komandiri Nurjigit Uysimboyevning jasadi topilgan.
10-avgust kungi qidiruv ishlari davomida esa ikkinchi jasad topilgan. Hozirda uning shaxsini aniqlash ishlari olib borilmoqda. Maxsus xodimlarga suv ostida ko‘rinish yomonligi va qalin loy qatlamlari to‘sqinlik qilmoqda, biroq izlash ishlari tinimsiz davom etmoqda.
Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, sun’iy yo‘ldosh ma’lumotlari yordamida vertolyot qulagan joy taxminiy hududini aniqlangan. Shu hududga darhol qidiruv guruhlari va maxsus texnika yuborilgan. Suvosti ishlarida harbiylar 14 metr chuqurlikdan vertolyot bo‘laklari va uchuvchilarning jonsiz tanasini topishgan.
Eslatib o‘tamiz, EC-145 harbiy vertolyoti 25-iyul kuni «Lugovoe» aerodromidan uchib chiqqach, radarlardan g‘oyib bo‘lgandi. Bortida uch kishi bo‘lgan. Qidiruvlar Sorbulak suv omborida olib borilmoqda.