Rossiya korxonasi 100 nafar o‘zbekistonlikni ish bilan ta’minlash taklifini bildirdi

Rossiyaning Rostov-Don viloyatida joylashgan «Indyushkin dvor» korxonasi 100 nafar o‘zbekistonlikni ish bilan ta’minlash taklifini bildirdi. Bu haqda «Dunyo» axborot agentligi xabar berdi.
O‘zbekiston Bosh konsulxonasi diplomatlari korxona rahbariyati bilan uchrashuv o‘tkazdi. Muzokara davomida Rossiya tomoni ishlab chiqarish faoliyati, xodimlar uchun yaratilgan sharoitlar va imtiyozlar haqida ma’lumot berdi. Ma’lum qilinishicha, korxona kurka go‘shti ishlab chiqaradi va mahsulotlarini 18 ta davlatga eksport qiladi. Hozirda bu yerda 150 nafar xorijlik ishchi ishlamoqda, shundan 26 nafari O‘zbekiston fuqarosi.
Kompaniyaning ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish rejalari sababli 100 nafar yangi ishchi kuchiga ehtiyoj bor. Rossiya vakillari bu bo‘sh ish o‘rinlariga O‘zbekiston fuqarolarini jalb qilishga tayyor ekanini bildirdi.
O‘zbekiston diplomatlari esa ishchi kuchini uyushgan tartibda yuborish shartlari haqida to‘xtalib, bu yo‘nalishda hamkorlikni batafsil muhokama qilish uchun tegishli idoralar bilan muloqot tashkil etilishini qayd etdi.
Bundan avval Davlat xavfsizlik xizmati Rossiyadagi migrantlarni «A.U.Y.» jinoiy guruhidan ogohlantirgani haqida yozgandik.
Unga ko‘ra, so‘nggi yillarda Rossiyadagi ko‘plab mehnat muhojirlari va yoshlar ushbu guruh ta’siriga tushib qolmoqda.