11-avgustning eng muhim yangiliklar dayjesti

Eng yaxshi narxdagi valyuta kurslari, haq to‘lashning yangi tizimi joriy qilingan mahaliy hokimliklar xodimlari — Kursiv Uzbekistan 11-avgustning muhim yangiliklari dayjestini taqdim etadi.
Xorazmda soxta mehnat staji tayyorlamoqchi bo‘lgan shaxs qo‘lga olindi

Gurlan tumanida «Soliq servis» DUK bosh mutaxassisi ikki nafar ishsiz fuqarolar uchun ma’lumotnoma rasmiylashtirishni va’da qilgan. Bu haqda DXX matbuot xizmati ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, «abjir xodim ma’lumotnomani 2025-yil yanvardan iyungacha bo‘lgan davr uchun qilmoqchi bo‘lgan. DXX Xorazm viloyati boshqarmasi va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti uni 12,5 mln so‘m olgan vaqtida qo‘lga olingan.
11-avgust kuni xorijiy valyutalarni qaysi banklarda qulay narxda almashtirish mumkin

Tijorat banklari 11-avgust uchun xorijiy valyutalarni ayirboshlash kurslarini yangiladi. Kursiv Uzbekistan eng qulay narxdagi xorijiy valyuta kurslari haqidagi ma’lumotlarni taqdim qiladi.
Sotib olish
Valyuta | Eng yuqori kurs (sotib olish) | Bank nomi |
---|---|---|
USD | 12 690 so‘m | «Anorbank» |
EUR | 14 800 so‘m | «Infinbank» |
RUB | 160 so‘m | «Madadinvest» |
Sotish
Valyuta | Eng yuqori kurs (sotib olish) | Bank nomi |
---|---|---|
USD | 12 670 so‘m | «Mikrokreditbank» |
EUR | 14 560 so‘m | «NBU» |
RUB | 151 so‘m | «Hamkorbank» |
Toshkent viloyatidagi «Uch qahramon» bozorida yong‘in chiqdi

Bugun, 11-avgust kuni Toshkent viloyatining Toshkent tumanidagi «Uch qahramon» bozorida yong‘in yuzaga keldi. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, soat 02:22 da viloyatning Favqulodda vaziyatlar boshqarmasiga tumandagi «Uch qahramon» bozorida yong‘in sodir bo‘layotgani haqida xabar kelib tushgan.
Mahalliy hokimlik xodimlariga haq to‘lashning yangi tizimi joriy etiladi

Prezident farmoni bilan Vazirlar Kengashi, viloyatlar, Toshkent shahri hamda tuman (shahar) hokimliklari boshqaruvi xodimlari mehnatiga haq to‘lashning yangi tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi.
Yangi tartibga ko‘ra, lavozim maoshi yagona tamoyil asosida ishlab chiqilgan yangilangan tarif setkasi va ko‘p yillik xizmat hamda lavozimni inobatga oluvchi koeffitsiyentlar asosida belgilanadi. Rag‘batlantirish to‘lovlari esa eng muhim samaradorlik ko‘rsatkichlari (KPI) bo‘yicha har oylik ustama, malaka darajasi uchun to‘lov hamda hisobot davri yakunida beriladigan bonuslar shaklida amalga oshiriladi.
Ai-92 benzin narxi arzonlashtirildi – «Oʻzbekneftgaz»

Buxoro neftni qayta ishlash zavodida ishlab chiqarilgan Ai-92 rusumli avtobenzin narxi pasaytirildi. Bu haqda 11-avgust kuni «Oʻzbekneftgaz» matbuot xizmati xabar berdi.
Birja savdolarida 1 tonna Ai-92 benzinning boshlangʻich narxi 12 mln 881 ming soʻmdan 12 mln 628 ming soʻmga tushdi. Bu 1 litr narxi 9,4 ming soʻmga teng.
Yangilangan Chevrolet Captiva global savdo chiqmoqda

General Motors Yaqin Sharqda 2026-yilgi yangilangan Chevrolet Captiva EV va Captiva PHEV’ni ilk bor taqdim etdi. GMAutority nashrining yozishicha, bu Braziliyadagi rasmiy premyeradan so‘ng bo‘lib o‘tgan.
Yangi modellar Captiva oilasini kengaytiradi. Endi qatorga benzinli 7 o‘rinli versiya bilan birga EV va PHEV ham kiradi.
Samsung AQShda chip ishlab chiqarishga qo‘shimcha $7,2 mlrd sarmoya kiritishi rejalashtirmoqda

Samsung kompaniyasi bir necha oy oldin AQShdagi chip ishlab chiqarish loyihasiga mo‘ljallangan sarmoyasini qisqartirgan edi. Endi kompaniya yana milliardlab dollar qo‘shib, investitsiyani kengaytirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Sammobile nashri xabar bermoqda.
Janubiy Koreya va AQSh sammiti 25-avgustga belgilangan bo‘lib, Samsung shu kungacha yangi rejasini yakunlashi kutilmoqda. SEDaily xabariga ko‘ra, kompaniya AQShda ilg‘or chip qadoqlash uchun 10 trillion von ($7,2 mlrd) ajratishi mumkin.
Intellektual mulkni ro‘yxatdan o‘tkazish soddalashtirildi

8-avgust kuni qabul qilingan qonunga ko‘ra, intellektual mulk obyektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish jarayoni soddalashtirildi. U ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritadi.
Maqsad – intellektual mulk obyektlarini tez va qulay ro‘yxatga olish. Endi sanoat mulki obyekti ro‘yxatga olingach, patent hujjati arizachiga avtomatik ravishda elektron tizim orqali yuboriladi. Avval patent rasmiy e’lon qilingach, 10 kundan keyin berilardi. Bu kechikish amaliyoti bekor qilindi.
O‘zbekistonga sayohat maqsadida eng ko‘p rossiyaliklar tashrif buyurmoqda

2025-yilning yanvar – iyun oylarida 783,7 ming nafar chet el fuqarolari sayohat maqsadida O‘zbekistonga kelgan. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi xabar berdi.
Ushbu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 255,1 ming nafarga, ya’ni 48,3 foizga ko‘p.
Qirgʻiziston va Oʻzbekiston Qozogʻistonga suv yetkazib berishni boshlaydi

Qirgʻiziston va Oʻzbekiston Qozogʻistonga janubiy hududlardagi sugʻorish suviga boʻlgan taqchillikni bartaraf etish uchun 600 million kub metr suv yetkazadi. Bu haqda Qozogʻiston bosh vaziri oʻrinbosari Kanat Bozumbayev ma’lum qildi.
Uning soʻzlariga koʻra, Qozogʻiston janubida hozirgi vaziyat zudlik bilan choralar koʻrishni talab qilmoqda. Sirdaryo, Shu, Talas daryolari va boshqa kanallardagi suv oqimi odatdagidan 30 – 40 foizga kamaygan. Yozning anomal issiqligi va yogʻingarchilik yetishmasligi sabab suv sarfi ortgan.
Dollar 83 so‘mga pasaydi

Bugun, 11-avgust kuni dollar kursi 83,46 so‘mga pasayib, 12 589,35 so‘mni qayd etdi. Bu haqda Valyuta birjasi xabar bermoqda.
Dollar kursining so‘nggi besh kunlikdagi o‘zgarishi
Sana | Kurs (so‘m) | O‘zgarish (so‘m) |
---|---|---|
8-avgust | 12 672,81 | +79,04 |
7-avgust | 12 593,77 | +90,78 |
6-avgust | 12 502,99 | −21,90 |
5-avgust | 12 524,89 | −96,40 |
4-avgust | 12 621,29 | −103,87 |
Avvalroq Kursiv Uzbekistan nashri hafta davomida sodir bo‘lgan eng muhim yangiliklar dayjestini e’lon qilgan edi.