O‘zbekiston avtomobil bozori bir oyda qariyb 30 foizga o‘sdi

eʼlon qilindi
Iyul oyida 116,8 ming dona avtomobil sotuvi amalga oshirildi
Foto: Roman Fedotov / Kursiv Uzbekistan

2025-yilning iyul oyida O‘zbekiston avtomobil bozorida sotilgan avtotransport vositalari hajmi 116,8 ming donani tashkil etib, bu o‘tgan oyga nisbatan 27 foizga oshdi. Bu haqda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi (ITIM) ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, bu ko‘rsatkich 2024-yil yanvaridan beri (144,5 ming dona) eng yuqori natija bo‘lgan.

Yengil avtomobillar bozori

Foto: ITIM

Iyul oyida yengil avtomobillar segmentida savdo hajmi sezilarli darajada oshdi. Umumiy savdo hajmi qariyb 100 ming donani tashkil etdi, bu o‘tgan oyga nisbatan 25 foizga ko‘p.

Eng yuqori o‘sish Toshkent (51%), Namangan (49%) va Xorazm (40%) viloyatlarida kuzatildi.
Taqqoslash uchun, iyun oyida yengil avtomobillar savdosi hajmi 3 foizga oshgan bo‘lsa, iyulda o‘sish sur’ati ancha tezlashgan.

Birlamchi avtomobil bozori

Iyul oyida birlamchi avtomobillar segmentida faollik 38,2 foizga oshib, 38,4 ming donani tashkil etdi. Mahalliy ishlab chiqarilgan yangi yengil avtomobillar 32,9 ming dona bilan yetakchilikni saqlab qoldi (o‘sish 38,6%).

Xorijda ishlab chiqarilgan yangi yengil avtomobillar savdosi ham ijobiy natija qayd etib, 5,4 ming donani tashkil etdi, bu iyunga nisbatan 35,8 foizga yuqori.

Foto: ITIM

Ikkilamchi avtomobil bozori

O‘tgan oyda yengil avtomobillar bozorining ikkilamchi segmentida ham faollik oshib, savdo hajmi 61,5 ming donani tashkil etdi. Bu iyun oyiga nisbatan 18 foiz ko‘pdir.

Taqqoslash uchun, iyun oyida savdo hajmi may oyiga nisbatan 0,4 foizga kamaygan edi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan avtomobil bozorining 2025-yil birinchi yarmi bo‘yicha tahliliy ma’lumotlarni keltirib o‘tgandi.

Shuningdek