BAA universiteti O‘zbekistonda o‘z filialini ochishi mumkin

O‘zbekiston diplomatlari Birlashgan Arab Amirliklarining (BAA) nufuzli oliy ta’lim muassasalaridan biri Al-Ain University raisi o‘rinbosari Nur Aldin Atatrex bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda «Dunyo» axborot agentligi xabar berdi.
Muzokaralarda ikki tomonlama hamkorlik istiqbollari, jumladan, talabalar va professor-o‘qituvchilar almashinuvi dasturini yo‘lga qo‘yish, universitet rahbariyatining O‘zbekistonga tashrifini tashkil etish hamda mamlakatda universitet filialini ochish masalasi muhokama qilindi.
Al-Ain universiteti BAAning Al-Ayn va Abu-Dabi shaharlarida ikki asosiy kampusga ega. Universitet muhandislik, farmatsevtika, tibbiyot, huquq, ta’lim, ijtimoiy fanlar, biznes va ommaviy kommunikatsiyalar yo‘nalishlarida kadrlar tayyorlaydi.

Nur Aldin Atatrex ushbu takliflarni qo‘llab-quvvatlagan holda, O‘zbekistonda uy-joy qurilishi va sog‘liqni saqlash sohalarida investitsiya loyihalarini amalga oshirishga ham qiziqish bildirdi.
Bundan avval O‘zbekiston va BAA o‘rtasida talaba va shifokorlar almashinuvi yo‘lga qo‘yilishi haqida xabar bergandik.