Jennifer Lopez konserti O‘zbekistonga 42,5 mlrd so‘m foyda keltirdi

7-avgust kuni Toshkentdagi «Milliy» (Bunyodkor) stadionida Jennifer Lopezning Up All Night – LIVE IN 2025 jahon gastrollari doirasidagi mega-shou konserti bo‘lib o‘tdi. Ushbu konsert O‘zbekiston budjetiga 42,5 mlrd so‘m foyda keltirdi. Bu haqda Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi Kursiv’ga ma’lum qildi.
Jamg‘arma ma’lumotiga ko‘ra, bu konsert Osiyodagi eng yirik tadbir bo‘lishi bilan birga, O‘zbekiston tarixida AAA toifasidagi san’atkor ishtirokidagi ilk dastur sifatida tarixga kirdi.
AAA — bu eng mashhur san’atkorlarni ifodalovchi xalqaro tasnif bo‘lib, bunday konsertlar murakkab texnik tayyorgarlikni talab qiladi.
Tadbirga Lopez jamoasining 90 dan ortiq a’zosi keldi. Konsertni 31 144 kishi tomosha qildi, 25 ming chipta sotildi, ularning 67 foizi xorijliklar bo‘ldi. O‘zbekistonga bu konsert uchun 15 mingdan ortiq xorijiy turist tashrif buyurdi, ular orasida Rossiya, Qozog‘iston, AQSh va Yevropa davlatlari fuqarolari bor.
Poytaxt mehmonxonalari bandligi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 25,7 foizga oshdi. Chilonzor metro yo‘nalishida yo‘lovchi oqimi 16,5 ming kishiga ko‘paydi, bepul avtobuslar ishga tushirildi.
Konsertni tashkil etishda 115 tashkilot, 18 ta food-court va savdo nuqtalari qatnashdi. Tadbir Toshkent budjetiga 42,5 milliard so‘mdan ortiq soliq tushumini keltirdi.
Tartib-intizomni ta’minlash uchun 3,8 ming huquq-tartibot xodimi, 300 nafar ko‘ngillilar va 88 ta texnika jalb qilindi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Lopezning Toshkentdagi konserti qanday o‘tgani haqida fotoreportajni yozgandi.
Davlat foyda ko‘rdi, ammo «Bunyodkor»…

Oʻzbekiston Professional futbol ligasi rahbari Diyor Imomxoʻjayev ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida quyidagicha izoh qoldirdi.
«Kutilmalarimiz oʻzini oqladi. $1 mlnga qilingan maydon oʻldi. $1 mln ham stadion qurilayotganda baʼzi jihatlar ura-ura bilan qilingani oqibatida ketdi. Holbuki, $400 mingga qilish mumkin edi», – deydi u.
«Milliy» stadion bo‘yicha hozircha rasmiy izoh berilmagan.