Qoidabuzarliklar uchun 23 bank va 2 mikromoliya tashkiloti jarimaga tortildi

Markaziy bank huzuridagi Bank nazorati qo‘mitasi 2025-yil iyun-iyul oylarida o‘tkazilgan 11 ta yig‘ilishda 59 ta masalani muhokama etdi va qarorlar qabul qildi. Bu haqda regulyator matbuot xizmati ma’lum qildi.
Ko‘rilgan masalalardan 37 tasi ro‘yxatga olish va ruxsat berish yo‘nalishida bo‘lib, ular orasida yangi mikromoliya tashkilotlarini ro‘yxatdan o‘tkazish, kredit tashkilotlari ustavlariga o‘zgartirishlar kiritish, banklarda audit huquqini berish hamda tijorat banklari rahbariyati nomzodlarini tasdiqlash masalalari bor.
Moliyaviy holat bo‘yicha 22 ta masalada banklar va mikromoliya tashkilotlarida o‘tkazilgan inspeksiya natijalari, prudensial me’yorlarga rioya etilishi hamda pul yuvish va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi choralar muhokama qilindi. Qonunchilik talablarini buzgan 15 ta to‘lov tashkilotiga chora ko‘rildi.
Qoidabuzarliklar uchun 23 ta bank va 2 ta mikromoliya tashkilotiga jarima sanksiyasi qo‘llanildi. «Imkon finans mikromoliya tashkiloti» AJ esa aniqlangan kamchiliklar sabab uch oy muddatga moliyalashtirish operatsiyalarini amalga oshirishdan cheklab qo‘yildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq banklardagi mikroqarzlarning o‘rtacha foiz stavkasi yana oshgani haqida xabar bergan edik.